Shomurodov “Roma”ga g‘alaba keltirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovning qo‘shimcha daqiqalarda urgan goli “Roma”ga Yevropa Ligasi 1/8 finalining birinchi uchrashuvida “Atletik” ustidan g‘alaba keltirdi.
Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq ispaniyalik futbolchilar hujumkor harakatlari bilan ajralib turdi, ammo Svilar darvozasiga jiddiy tahdid yarata olishmadi.
Asta-sekin “bo‘rillar” tashabbusni qo‘lga olib, ancha xavfli hujumlarni amalga oshira boshladi. Birinchi bo‘limdagi eng xavfli vaziyat mezbonlar foydasiga bo‘ldi: Baldansining uzatmasidan so‘ng Dibala kuchli zarba berib, to‘pni to‘singa tekkizdi. Shuningdek, bask futbolchilari ko‘plab qoidalarni buzib, sariq kartochkalarni yig‘ib borishdi. Faqat birinchi bo‘limning qo‘shimcha daqiqalarida “Atletik” hisobni ochishga yaqin keldi — Inyaki Uilyamsning qanotdan bergan uzatmasini Sannadi bir zarbada yo‘lladi, lekin to‘p darvoza yonidan o‘tib ketdi.
Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan mehmonlar hisobni ochishdi. Inyaki Uilyams Paredesning past uzatmasidan foydalanib, yaqin masofadan to‘pni darvozaga kiritdi.
“Roma” darhol hisobni tenglashtirishga harakat qildi. Baldansi ajoyib imkoniyatni qo‘ldan chiqarib, to‘pni tepaga tepib yubordi. Biroz o‘tgach, Anxelinyo Chelikning uzatmasidan keyin aniq zarba yo‘llab, hisobni 1:1 qilib qo‘ydi.
Rimliklar g‘alabani ilib ketish uchun hujumda faol harakat qilishda davom etdi, ammo “Atletik” ham qarshi hujumlarda xavfli vaziyatlar yaratib turdi. O‘yinning so‘nggi daqiqalarida ispaniyaliklar bir futbolchi kam qolishdi — Yeray ikkinchi sariq kartochkasini oldi va maydonni tark etdi.
“Bo‘rillar” bu ustunlikdan foydalanishga harakat qildi. Salemakersning kuchli zarbasini Agirresabala qaytardi, lekin hal qiluvchi pallada Eldor Shomurodov jazo maydonida imkoniyatni qo‘lga kiritib, to‘pni aniqlik bilan uzoq burchakka yo‘lladi va “Roma”ga muhim g‘alabani taʼminladi.