Evroosiyo Iqtisodiy Komissiyasi va O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlikning yangi bosqichi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 13-mart kuni Moskva shahrida Evroosiyo Iqtisodiy Komissiyasi (EIK) va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Evroosiyo Iqtisodiy Komissiyasining integratsiya va makroiqtisodiy masalalar bo‘yicha vaziri Eldar Alisherov, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Xurram Teshabayev, shuningdek, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov ishtirok etdi. Yig‘ilish davomida ikki tomonlama savdo va logistika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yangi loyihalarni amalga oshirish, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish hamda agrar va sanoat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Evroosiyo agroekspressi loyihasi doirasida agrar va oziq-ovqat mahsulotlari uchun yangi transport-logistika yo‘nalishlarini yaratish, savdo hajmini oshirish va mavjud transport muammolarini hal etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, dori-darmonlar identifikatsiyasini tan olish bo‘yicha tashabbus bildirilib, bu orqali dori vositalarining xavfsizligini ta’minlash va ularning turli mamlakatlarda tan olinishi yengillashtirish maqsad qilingan. Shuningdek, O‘zbekiston va EAES davlatlari o‘rtasida sanoat hamkorligini kuchaytirish, qishloq xo‘jaligida innovatsion resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shma loyihalar muhokama qilindi. Bojxona tranziti tizimini yangilash orqali savdo jarayonlarini yengillashtirish va tezlashtirish, tashuvchilar uchun "yashil yo‘lak" tizimini joriy qilish masalalari ham yig‘ilish kun tartibidan joy oldi.
Ishchi guruh a’zosi Shuhrat Otajonov yig‘ilish davomida agrar sohadagi ilg‘or tajribalarni O‘zbekistonga joriy etish va "Evroosiyo agroekspressi" loyihasini qo‘llab-quvvatlash borasida o‘z takliflarini bildirdi. U shuningdek, qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish va sohaga investitsiyalarni jalb etish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birgalikda Shuhrat Otajonov davlatimiz rahbarining Yevroosiyo Oliy Iqtisodiy Kengashida bildirgan taklif va tashabbuslarini amalga oshirish uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan dasturlarni amalga oshirishning aniq yonalishlari va mexanizmlari bilan yugilish ishtirokchilarini tanishtirdi. Ushbu tashabbuslar Yevroosiyo Iqtisodiy Kengashi komissiyasi tomonidan joriy yilning may oyida ko‘rib chiqilib, qabul qilinishi to‘g‘risida fikrlar bildirildi. Yana bir ma’lumot. 2025 yilda EAES va O‘zbekiston o‘rtasida savdo va logistika masalalariga bag‘ishlan biznes-muloqot o‘tkazish, 2026 yilda esa O‘zbekistonda ishchi guruhning beshinchi yig‘ilishini tashkil etish rejalashtirilgan.
Yig‘ilish O‘zbekiston va Evroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi a’zosi davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga, yangi loyihalarni amalga oshirishga va o‘zaro savdo yo‘nalishlarini kengaytirishga qaratilgan muhim tadbir bo‘ldi. Bu kabi tashabbuslar qishloq xo‘jaligi, sanoat va logistika sohalarining rivojiga hissa qo‘shadi hamda mavjud to‘siqlarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.