Samarqandda bo‘lib o‘tadigan "Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" sammiti xorijiy OAVlar nigohida
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Misrning yetakchi internet nashrlari - "Sada El Balad" va "Al Diplomasy", Quvaytning "Q8 press", Iordaniyaning "Ammon news" nashrlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripovning Saudiya Arabistonining "Gulf Research Center" tadqiqot markazi direktori Abdulaziz Sager bilan hammualliflikdagi "Markaziy Osiyo va KADHK: tarixiy aloqalardan strategik sheriklik sari" sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.
Maqolada Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi (KADHK) mamlakatlari o‘rtasidagi jadal rivojlanayotgan munosabatlar atroflicha tahlil qilinib, ikki mintaqa o‘rtasidagi strategik sheriklik istiqbollari belgilab berilgan.
"2023-yil 19-iyulda Jiddada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va KADHK davlatlari rahbarlarining birinchi tarixiy sammiti bu jarayondagi burilish nuqtasi bo‘lib, ushbu sammit uzoq muddatli strategik hamkorlik uchun poydevor yaratdi," deya ta’kidlaydi mualliflar.
Ushbu muloqotning ikkinchi sammiti 2025-yil may oyida Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Sammit o’tkazilishi uchun Samarqandning tanlangani "shaharning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi tarixiy ahamiyatini ko‘rsatadi va mintaqalar o‘rtasidagi an’anaviy aloqalarning qayta tiklanishini anglatadi."
Maqolada ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyo va KADHK mamlakatlarining iqtisodiy imkoniyatlari, siyosiy muloqotning chuqurlashuvi, madaniy-tarixiy aloqalarga bo‘lgan o‘zaro qiziqish va qulay geostrategik joylashuv bilan uyg‘unlashib, ushbu hamkorlik formatining strategik ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Mualliflarning qayd etishicha, so‘nggi yillarda KADHK mamlakatlarining Markaziy Osiyoga kiritayotgan investitsiyalari umumiy hajmi barqaror o‘sish sur’atini ko‘rsatib, 2022-yildan boshlab qariyb uch barobarga oshgan.
Tahlilchilarning so’zlariga ko’ra, turizm sohasida sezilarli yutuqlarga erishildi: Markaziy Osiyo KADHK davlatlari sayyohlari uchun jozibador makonga aylanmoqda. Masalan, 2023-yilda O‘zbekistonga KADHK mintaqasidan 8,3 mingdan ortiq sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2024-yilda kelib 12 ming nafar sayyoh tashrif buyurgan (2023-yilga nisbatan 44,5 foizga o‘sish). Eng katta o‘sish Saudiya Arabistoni (71%) va BAA (51%) dan kuzatildi.
Mualliflar ko‘p tomonlama kelishuvlar orqali savdoni kengaytirish, transport loyihalarini (shu jumladan Transafg‘on yo‘lagini) amalga oshirish, infratuzilma va yuqori texnologiyalarga investitsiyalarni jalb qilish, agrosanoat majmuasini rivojlantirish, shuningdek, raqamli transformatsiya kabi hamkorlikning salohiyati hali to’liq ochilmagan istiqbolli yo‘nalishlariga ham alohida e’tibor qaratadilar.
Yetakchi tahlil markazlari rahbarlarining fikriga ko‘ra, ilmiy-intellektual hamkorlikni mustahkamlash yana bir muhim yo‘nalish hisoblanadi. Mualliflarning ta’kidlashicha, ikki mintaqaning ilmiy-tadqiqot institutlari va tahlil markazlari o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda alohida ahamiyat kasb etishi lozim.
Shu munosabat bilan yaqinda Toshkentda (O‘zbekiston) "Markaziy Osiyo – Ko’rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash: tarixiy aloqalardan keng qamrovli hamkorlik sari" mavzusida Markaziy Osiyo mamlakatlari va KADHK tahlil markazlarining birinchi forumini o‘tkazish rejalashtirilmoqda, unda ikki mintaqaning yetakchi "aql markazlari" ishtirok etish istagini bildirgan.
Birinchi mintaqalararo forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Saudiyaning yetakchi tadqiqot markazi "Gulf Research Center" tomonidan tashkil etilmoqda.
"Umuman olganda, Markaziy Osiyo va KADHK davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik real strategik istiqbollarni ochadi. Birlashtiruvchi omil sifatida nafaqat madaniy-tarixiy yaqinlik, balki iqtisodiyotlarning bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatini ham qayd etishimiz mumkin," - deya xulosa qiladi Eldor Aripov va Abdulaziz Sager.