Jahon bankining O‘zbekistonda moliya sektorini isloh qilish bo‘yicha missiyasi ish boshladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jahon bankining texnik ko‘mak dasturi doirasida O‘zbekistonda moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish tizimini isloh etishga qaratilgan missiyasi o‘tkazilmoqda.
Missiya doirasida moliyaviy xizmatlar mijozlari uchun aniq ijobiy natijalarga erishishga yo‘naltirilgan yangi tartibga solish konsepsiyasini joriy etish, 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan qonunchilik islohotlarini muhokama qilish hamda Moliyaviy ombudsman institutini tashkil etish bo‘yicha bosqichma-bosqich rejani ishlab chiqish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, missiya tashrifi davomida Jahon banki ekspertlari tomonidan ishlab chiqilgan ikki muhim hujjat – moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish konsepsiyasi hamda moliya bozorini monitoring qilish bo‘yicha qo‘llanma muhokama etilishi rejalashtirilgan.
Ushbu hujjatlar Buyuk Britaniya va Kanada kabi mamlakatlarning ilg‘or tajribasini inobatga olgan holda, O‘zbekistonda adolatli, shaffof va isteʼmolchi manfaatlariga yo‘naltirilgan moliyaviy tizimni yaratish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.