Mobiuz faoliyatini yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mobiuz markaziy ofisida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov raisligida Kuzatuv kengashining sayyor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Tadbir mobil aloqa operatorining 2024-yil va 2025-yilning I chorak faoliyati yakunlarini sarhisob qilish, shuningdek, strategik loyihalar va faoliyat rejalarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Tarmoqlar qamrovi sezilarli darajada kengaygani, hududlarda, shu jumladan chekka hududlar va qishloq joylarda yangi tayanch stansiyalari ishga tushirilgani ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tarmoqlarni keng ko‘lamli modernizatsiya qilish, shuningdek, Farg‘ona vodiysida 5G tarmog‘i ishga tushirilishi boshlanganiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu loyihalar qamrov hududini kengaytirish, ma’lumotlar uzatish tezligini oshirish va yangi texnologik yechimlarni joriy etishga qaratilgan.
Vazirga beshinchi avlod tarmoqlari talablariga javob beradigan yuqori tezlikda va barqaror ma’lumotlar uzatishni ta’minlaydigan zamonaviy paketli kommutatsiya uskunalari namoyish etildi. Mobiuz mutaxassislari ushbu texnologiyaning imkoniyatlari, jumladan, trafik yo‘naltirishni optimallashtirish, ulanishlar ishonchliligini oshirish va ma’lumotlar uzatishdagi kechikishlarni kamaytirish haqida batafsil ma’lumot berishdi.
Muhokamaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri Mobiuz’ni nafaqat aloqa xizmatlarini, balki raqamli yechimlarning to‘liq ekotizimini taqdim etuvchi raqamli operatorga aylantirish masalasi bo‘ldi.
Tadbir davomida Mobiuz markaziy ofisi hududida ochilgan Huawei brend zonasiga tashrif buyurildi. Bu yerda vazir taqdim etilgan mobil qurilmalar va raqamli aksessuarlar bilan tanishdi. Mobiuz va Huawei hamkorligi doirasida foydalanuvchilarga bo‘lib to‘lash imkoniyati, rasmiy kafolat bilan keng turdagi smartfonlar, shuningdek, “Xotirjam” liniyasi tariflariga ulanishning maxsus shartlari taklif etilayotgani ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida vazir aloqa va internet sifatini yanada oshirish, yangi raqamli mahsulotlar va xizmatlarni joriy etish, shuningdek, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda mobil aloqa operatori faoliyatini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.