O‘zbekiston va BioVitrum farmatsevtika ishlab chiqarishini yaratish masalasini muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Rossiyaning “BioVitrum” kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda investitsiya masalalari, shuningdek, "Tashkent Pharma Park" innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri loyihasi doirasida taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar muhokama qilindi.
“BioVitrum” kompaniyasi laboratoriya diagnostikasi sohasida 20 yildan ortiq vaqtdan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya Rossiyada tibbiy uskunalar, reagentlar va IT xizmatlarini yetkazib beruvchi hamda ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. “BioVitrum” portfelida 300 dan ortiq mahsulot, jumladan, laboratoriya sarf materiallari, uskunalar va innovatsion IT yechimlari mavjud.
Kompaniya vakillari 2024 yili Leningrad viloyatida barpo etilgan, ilmiy-tadqiqot markazi va sifat nazorati laboratoriyasiga ega bo‘lgan yangi ishlab chiqarish-ombor majmuasi haqida taqdimot o‘tkazdilar. Shuningdek, O‘zbekistonda ham shunday ishlab chiqarish majmuasini yaratish niyati borligini maʼlum qildilar.
“BioVitrum” kompaniyasi vakillari O‘zbekistonda dunyo bo‘ylab bor-yo‘g‘i beshta kompaniya ishlab chiqaradigan parafin mahsulotini ishlab chiqarishni rejalashtirayotganini bildirdilar.
Agentlik direktori kompaniyaning mazkur tashabbusini yuqori baholab, O‘zbekistonda ishlab chiqarishni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yish uchun agentlik tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini maʼlum qildi.