O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Moskva hukumati delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 29 aprel kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov Moskva shahar investitsiya va sanoat siyosati departamenti rahbari o‘rinbosari Olga Vidanova boshchiligidagi Moskva hukumati delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda “Texnopolis Moskva” maxsus iqtisodiy zonasi AJ bosh direktori Gennadiy Degtev, “Mosprom” avtonom notijorat tashkiloti bosh direktori Olga Starikova, Moskva shahar investitsiya va sanoat siyosati departamenti sanoat siyosati boshqarmasi boshlig‘i Dmitriy Romanov, shuningdek, Moskva hukumati vazirining maslahatchisi va ushbu departament matbuot xizmati rahbari Polina Pavlova ishtirok etdilar.
Uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Sanoat kooperatsiyasi, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni mahalliylashtirish, avtomobilsozlik, elektrotexnika, avtomatlashtirish va robototexnika sohalarida qo‘shma loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Moskva kompaniyalari O‘zbekistonda uzoq muddatli hamkorlik yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Ular uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish va biznes missiyalarni tashkil etish taklifini ham ilgari surdi.
Uchrashuv yakunida har ikki tomon o‘zaro hamkorlikni yana-da mustahkamlash, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni rivojlantirish va yangi imkoniyatlar ustida ishlashga tayyor ekanini bildirdi.