Zoyir Mirzayev Frankfurtda "ODDO" banki rahbarlari bilan muzokara o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni paytda Germaniyada bo‘lib turgan Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiyamiz a’zolarining amaliy muloqot va uchrashuvlari davom etmoqda.
Jumladan, 170 yillik tarixga ega "ODDO" yetakchi mustaqil Franko-Germaniya bank guruhi mas’ullari bilan muloqotda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, muhim loyihalarga investitsiya yo‘naltirish, imkoniyat va istiqbollar borasida fikr almashildi.
Mazkur bankka 1849-yili asos solingan bo‘lib, bosh ofislari Parij va Frankfurt-Maynda joylashgan. Bank tizimida bugungi kunda 3 ming nafardan ziyod xodim faoliyat ko‘rsatadi. Ushbu bank boshqaruvi ostidagi mijoz aktivlari esa 140 milliard yevroni tashkil etadi. Dunyo bo‘ylab 500 dan ziyod filial va maxsus ofislari bor.
Zoyir Mirzayev mazkur bankda xalqaro menejer lavozimida faoliyat ko‘rsatayotgan O‘zbekiston farzandi Islom Iskandarov bilan muloqot qildi. Uning Germaniyadagi nufuzli bankdagi faoliyati, bu yerdagi ilg‘or innovatsion ish uslublari, o‘ziga xos mehnat bozori xususida fikr almashdi.