Valyuta kurslari 23/04/2025
$1 – 12878.96
UZS – -0,24%
€1 – 14801.79
UZS – -0,71%
₽1 – 158.39
UZS – -0,85%
Qidirish
Iqtisod 23/04/2025 Zomin tumani "Jizzax – 2025" xalqaro biznes-forumini qabul qiladi

Zomin tumani "Jizzax – 2025" xalqaro biznes-forumini qabul qiladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Shu yilning 23-24-aprel kunlari Jizzax viloyatining Zomin tumanida Xalqaro biznes-forum bo'lib o'tadi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu nufuzli tadbir O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilmoqda.

Forumda mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari ko'magida 30 dan ortiq yetakchi hamkor davlatlardan 200 dan ziyod yetakchi kompaniyalar rahbarlarining ishtiroki kutilmoqda. Shu bilan birga, Toshkent shahridagi diplomatik korpus vakillarining ham faol ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Ta'kidlash joizki, so'nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ochiq va izchil investitsiya siyosati natijasida O'zbekiston iqtisodiyoti barqaror o'sishni namoyon etmoqda. Jumladan, 2024-yilda yalpi ichki mahsulot 6,5 foizga oshib, 115 milliard dollarga yetdi. Xorijiy investitsiyalar hajmi 1,6 barobar o'sib, qariyb 35 milliard dollarni tashkil qildi. Qiymati 10 milliard dollarga teng bo'lgan 242 ta yirik va o'rta loyiha amalga oshirildi. Mamlakatimiz eksport hajmi ilk bor 27 milliard dollarga yetdi.

Forum doirasida xorijiy ishtirokchilar uchun Jizzax viloyatining investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotlar o'tkazilishi rejalashtirilgan.

Bo'lajak biznes-forum Jizzax viloyatining katta xomashyo zaxiralari, qulay logistika infratuzilmasi, boy tabiiy resurslari, rivojlanayotgan turizm sektori va yuqori inson kapitali kabi ustunliklarini namoyon etish bilan birga, viloyatning xorijiy hamkorlar bilan investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, tadbirkorlar uchun yangi hamkorlik yo'nalishlari va imkoniyatlar eshigini ochadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling