Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasi qo‘llab-quvvatlanadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
qimmatbaho metallarni qayta ishlashning yillik hajmini 7 tonnaga, zargarlik buyumlarini eksport qilish ko‘rsatkichlarini 300 mln AQSH dollariga yetkazish;
qimmatbaho metallar va zargarlik buyumlarining norasmiy aylanmasini kamida 50 foizga qisqartirish.
Qarorga ko‘ra, zargarlik markazlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga quyidagi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi, jumladan:
qimmatbaho metallarni kechiktirib to‘lash sharti bilan sotishda 90 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga foiz hisoblanmaydi, 91-kundan boshlab 180-kungacha amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga – yillik 3 foiz miqdorida foiz hisoblanadi;
zargarlik markazlarida “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi va Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining filiallari faoliyati (sayyor xizmat ko‘rsatish) yo‘lga qo‘yiladi;
zargarlik markazlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga aʼzo bo‘lganda aʼzolik badalini 50 foizlik chegirma bilan to‘laydi.