Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — So‘nggi yillarda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish hamda mavjud quvvatlarni oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, gidroenergetika sohasini rivojlantirish, yangi quvvatlarni yaratish borasida belgilab olingan strategik ustuvor maqsadlar yo‘lida bosqichma-bosqich amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bu borada, gidroenergetika sohasida yangi GESlarni qurish va ishga tushirish, mavjudlarini izchil modernizatsiya qilish borasida “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan keng ko‘lamli amaliy faoliyat olib borilmoqda. Prezidentimiz hamda Hukumatimiz tomonidan zaruriy normativ-huquqiy asoslar yanada mustahkamlanib, istiqbolli investitsiyaviy dasturlar asosida istiqbolli loyihalar hayotga izchil tatbiq etilmoqda.
Bugun, 24-yanvar kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani To‘polang daryosi bo‘yida yangidan barpo etilgan Zarchob 2a kichik GESning rasmiy ochilish marosimiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov, viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, Sariosiyo tumani hokimi Abduqodir Donayev, hududiy tizim korxonalari vakillari, soha mutaxassislari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ochib berdi hamda “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan barpo etilayotgan bu kabi istiqbolli loyihalar viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga muhim hissa qo‘shayotganligi, chekka tumanlar hamda aholisi farovonligi uchun katta imkoniyatlar yaratayotganligini alohida qayd etdi.
So‘ngra so‘zga chiqqan “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov tomonidan bugungi kunda Prezidentimiz rahnamoligida sohaga qaratilayotgan jiddiy eʼtibor natijasi o‘laroq, bugungi kunda yurtimiz bo‘ylab qator loyihalar amalga oshirilayotganligi, belgilab olingan ustuvor strategik maqsad va vazifalar qatorida hali barpo etilishi lozim bo‘lgan loyihalar ko‘pligi, bularning barchasi xalq manfaati, Vatan ravnaqi, yurt istiqboli yo‘lida amalga oshirilayotganligi taʼkidlandi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan Sariosiyo tumani iqtisodiy-ijtimoiy rivoji hamda aholi farovonligi uchun energetik quvvati 3 MVtga teng, yiliga o‘rtacha 13,3 mln. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi Zarchob 2a kichik GES foydalanishga topshirildi.
Mazkur GES qurilishi to‘liq mahalliylashtirish doirasida, Jamiyat tomonidan amalga oshirildi.
Loyihaviy qiymati 3,4 mln. dollarga teng bo‘lgan Zarchob 2a kichik GES To‘polang daryosi bo‘yida ishga tushirilgan qator GESlarning o‘ziga xos uzviy davomi bo‘lib, bunda daryo suvidan oqilona foydalangan holda, bir necha marotaba daryo suvi gidroagregatlar orqali o‘tkazilib, samarali quvvatlarda elektr energiya ishlab chiqariladi.
Aytish joizki, Zarchob 2a kichik GES tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiya 6 000 ta xonadonni taʼminlaydi hamda farovonligiga muhim hissa qo‘shadi. Shuningdek, 3436 tonna mazut hamda 4 mln. m3 tabiiy gazning iqtisod qilinishi imkonini beradi.