Valyuta kurslari 23/12/2024
$1 – 12893.07
UZS – 0,14%
€1 – 13386.87
UZS – -0,15%
₽1 – 125.96
UZS – 0,97%
Qidirish
O‘zbekiston 22/12/2024 Yurtimizda xususiy tibbiyot muassasalari soni 9 mingdan ortdi

Yurtimizda xususiy tibbiyot muassasalari soni 9 mingdan ortdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun sog‘liqni saqlash tizimida kechayotgan keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlari sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish, bu orqali aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va qamrovini yanada oshirishga qaratilgan.

Xususan, so‘nggi sakkiz yil davomida tibbiyot yo‘nalishida xususiy sektor ulushini oshirish, nodavlat tibbiyot muassasalari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti.

Natijada 2017-yilda xususiy shifoxonalar soni qariyb 3,5 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib ularning soni 9 mingdan ortdi.

Tibbiyotning nodavlat sektorida ixtisoslik turlari 50 tadan 225 taga oshdi. Shuningdek, xususiy shifoxonalarning tibbiyot ixtisosliklari bo‘yicha litsenziya olishiga imkon yaratildi.

3 700 dan ko‘proq mavjud nodavlat klinikalar yangi tibbiy ixtisoslik hisobiga o‘z faoliyatlarini kengaytirdi.

Ta’kidlash lozimki, ayni paytda yurtimizdagi barcha tibbiyot muassasalarida tashkil etilgan o‘rin-joylarning 35 foizi xususiy sektor ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Ya’ni so‘nggi yillarda nodavlat tibbiyot klinikalarida statsionar shifo o‘rinlari soni sezilarli darajada ortib, 2024-yilda 42 750 ga yaqinlashdi.

Shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalarining barchasida ambulator, 1530 dan ortig‘ida statsionar xizmatlari tashkil etilib, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlari 726 tadan 2 251 taga oshdi.

Albatta, bunday ijobiy o‘zgarishlar tufayli bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimida nodavlat tibbiyotning ulushi 30 foizga yetdi.

Jumladan, laboratoriya xizmatlarining 40 foizi, oftalmologiya va operativ oftalmologiyaning 60 foizi, LOR va endoskopik LORning 70 foizi va stomatologik tashxis hamda muolajalarning 91 foizi aynan xususiy klinikalar tomonidan ko‘rsatilyapti.

Yaqin kelajakda mazkur yo‘nalishda yangi nodavlat tibbiyot muassasalarini tashkil etishda xalqaro standartlarni joriy etish, xususiy sektorda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, “xavfsiz tibbiyot” prinsipini amaliyotga tatbiq qilish, tibbiy xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini ishonchli himoya qilish hamda sohada sifat ko‘rsatkichlarini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling