Valyuta kurslari 08/05/2025
$1 – 12910.15
UZS – -0,11%
€1 – 14660.77
UZS – 0,27%
₽1 – 159.78
UZS – -0,1%
Qidirish
O‘zbekiston 19/02/2025 Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya tashkil etildi

Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya tashkil etildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasini tuzish to‘g‘risidagi masala atroflicha ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan qisqa davrda mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilib, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

Yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha huquqiy baza mustahkamlanib, o‘tgan qisqa davrda ushbu yo‘nalishda 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi. Natijada yoshlar bilan davlat hokimiyati organlari o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asoslari har qachongidanda mustahkamlandi.

Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda parlament va yoshlar hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasidagi islohotlar parlament hayotida ham o‘z ifodasini topmoqda.

Mamlakatimiz Prezidentining shu yil 14-fevral kuni yoshlar bilan muloqoti navqiron avlod hayotida tom ma’noda yangi sahifalar ochdi. Uchrashuvda davlatimiz rahbari yoshlarning ta’lim olishi, bandligini ta’minlash, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida bir qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Xususan, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish sohasida olib borilayotgan islohotlarda Qonunchilik palatasining ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyani tuzish tashabbusi bildirilgan edi.

Majlisda deputatlar yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, zamonaviy dunyoqarash, bilim va ko‘nikmalarga ega yigit-qizlarni huquqiy bilimlarini yuksaltirishda Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasining o‘rni va roli muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida qayd etdilar.

Shuningdek, Komissiya yoshlar masalalariga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish hamda yoshlar masalalariga oid qonunlarning ijrosi bo‘yicha samarali va ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishda muhim institut ekanligi ta’kidlandi.

Majlisda Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi va uning tarkibi tasdiqlandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling