Valyuta kurslari 28/03/2025
$1 – 12913.19
UZS – 0,03%
€1 – 13908.80
UZS – -0,19%
₽1 – 154.17
UZS – 0,57%
Qidirish
O‘zbekiston 28/03/2025 Yosh olimlar “Akademik harakatchanlik” dasturi orqali qo‘llab-quvvatlanmoqda

Yosh olimlar “Akademik harakatchanlik” dasturi orqali qo‘llab-quvvatlanmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 222-son qaroriga asosan 2021-yildan buyon Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ilmiy va innovasion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga vazirlik, idora va tashkilotlar tizimidagi ilmiy tashkilot va oliy ta‘lim muassasalarining noyob ilmiy ob‘yektlari, zamonaviy ilmiy laboratoriya va tajriba-konstruktorlik byurolaridan bepul foydalanish huquqini berish maqsadida “Akademik harakatchanlik” dasturi e‘lon qilib kelinmoqda.

Asror Norov Innovatsion rivojlanish agentligi Ilm-fan va taʼlim integratsiyasi boshqarmasi boshlig‘i: Bugun respublikamizda 30 mingga yaqin izlanuvchi mavjud va ular bu tanlov imkoniyatlaridan kengroq foydalanishlari lozim. Aytaylik yosh tadqiqotchi respublikamizning qaysidir hududida joylashgan ilmiy yoki ta’lim tashkilotida faoliyat yuritayapti. Lekin uning loyihasi yoki dissertatsiya ishi uchun zarur laboratoriya asbob-uskunasi boshqa hududdagi taʼlim muassasasi yoki ilmiy tashkilotda joylashgan. Mana shunday holatda yosh olim uchun zarur reagentlarn sotib olish, ilmiy rahbar topish, qolaversa safar xarajatlarini o‘z yonidan qoplash og‘irlik qilishi mumkin. Bu esa shubhasiz ilmiy faoliyatiga taʼsir ko‘rsatadi. Mana shu kabi holatlardan kelib chiqib 40 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlarga ko‘proq imkoniyat yaratish va ilmiy ishlarning sifat darajasini oshirish maqsadida “Akademik harakatchanlik” dasturi tanlovi joriy etilgan. Bu imkoniyatdan yoshlarimiz ko‘proq foydalanishlarini istardik. Sababi yaqin 5 yil ortga qarasak ham bunday imkoniyat bo‘lmagan. Ishon bilan ayta olamanki mazkur tanlov davlatimiz rahbari boshchiliklarida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy soha vakillariga imkoniyatlar yaratish yo‘lida olib borilayotgan islohotlarning samarasi.

“Akademik harakatchanlik” dasturi – yosh olimlarning o‘z ish joyidan ajralmagan holda, O‘zbekiston Respublikasi hududida yetakchi ilmiy markazlarda o‘tkaziladigan ilmiy tadbirlarda ishtirok etishi, ilmiy-tadqiqot ishi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni, shuningdek, tajriba almashishni nazarda tutuvchi dastur.

2025-yilning 1-fevralidan 31-fevraliga qadar o‘tkazilgan tanlovga 125 ta ariza topshirildi. Maxsus ishchi guruh tomonidan loyihalar ilmiy-tadqiqot ishining mavzusi va dolzarbligi, ob‘yekti, predmeti, maqsad va vazifalari, kutilayotgan ilmiy natijalar kabi bir qator talablar asosida ko‘rib chiqildi. Tanlov yakuniga ko‘ra 16 ta loyiha g‘olib deb topildi. Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun yosh olimlarga tegishliligi bo‘yicha respublikamizdagi jami 9 ta ilmiy tashkilotning zamonaviy laboratoriyalaridan

6 oygacha bepul foydalanish uchun umumiy hisobda sal kam 1 134 700 000 so‘mlik sertifikatlar topshirildi.

Dilshoda Tursunova, Toshkent kimyo texnologiya instituti 1-kurs tayanch doktoranti: Bugun g‘oliblar safida ekanimdan juda xursandman. Loyiham qattiq chiqindilar asosida fotokatalitik materiallar yaratish va oqava suvlarini tozalashga qaratilgan. Mazkur tanlov aynan biz kabi ilmiy tadqiqot ishi bilan shug‘ullanayotgan yosh olimlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi, deb hisoblayman. Qolaversa, nafaqat bizga ilmiy tadqiqotimizni yangi bosqichga olib chiqishga balki innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqishimizga, texnologik rivojlanishimizga ham katta turtki bo‘ladi. Mazkur tanlovda g‘oliblik menga ilmiy ishimni yangi bosqichga olib chiqishga ko‘mak beradi.

Shohimardon Ikromov, Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalari universiteti mustaqil tadqiqotchisi: Maʼlumki kremniy moddasi o‘simliklarning hujayra qobig‘ini mustahkamlaydi va immunitetini oshiradi. O‘rganishlarimiz natijasida so‘nggi vaqtlarda o‘simliklarda parazitlar va turli kasalliklar soni ortganini aniqladik. Bu masala Surxondaryo viloyati uchun ham dolzarb sanaladi. Ilmiy rahbarim bilan mazkur masalaga yechim topishga qaror qildim. Mahalliy tuproq tarkibida oksid ko‘rinishida uchraydigan kremniydan eritma olamiz hamda o‘simliklar qabul qiladigan o‘g‘it yaratamiz. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, mazkur o‘g‘itlar respublikamizga asosan import qilinadi. Loyihamiz esa importni kamaytirish va narxni pasaytirishga, eng muhimi o‘simliklar dunyosini sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi.

O‘tgan yillar mobaynida tanlov yilda bir marotaba e‘lon qilingan bo‘lsa, 2025-yildan boshlab yosh olim va izlanuvchilarni ilm-fanga keng jalb qilish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan yana-da qo‘llab-quvvatlash va albatta ilmiy-innovatsion faoliyatga yo‘naltirish maqsadida doimiy ravishda o‘tkazish belgilandi.

Ma‘lumot o‘rnida 1-apreldan “Akademik harakatchanlik” dasturi tanlovining joriy yil II choragi uchun arizalari qabuli boshlanadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling