Valyuta kurslari 03/07/2025
$1 – 12591.71
UZS – -0,67%
€1 – 14821.70
UZS – -1,03%
₽1 – 160.18
UZS – -0,85%
Qidirish
O‘zbekiston 03/07/2025 Yo‘l-transport sohasidagi ayrim huquqbuzarliklar uchun “ma’muriy ogohlantirish” jazo chorasi joriy etiladi

Yo‘l-transport sohasidagi ayrim huquqbuzarliklar uchun “ma’muriy ogohlantirish” jazo chorasi joriy etiladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga “ma’muriy ogohlantirish” jazo chorasini kiritish va ijtimoiy xavfliligi kam bo‘lgan yo‘l harakati xavfsizliligi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ogohlantirish jazosini qo‘llashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 36-moddasi to‘ldirilmoqda. Unga muvofiq, yo‘l harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan hollarda ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay, qaror ustidan shikoyat qilinganda esa bir yildan kechiktirmay qo‘llanilishi belgilanmoqda. Ya’ni, endilikda foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarlik uchun qaror bir oydan kechiktirib chiqarilgan bo‘lsa, jazo qo‘llanilmaydi.

Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda avtomatlashtirilgan foto- va video vositalari yordamida qayd etiladigan huquqbuzarliklar aniq sanab o‘tilmoqda. Endilikda “polosani bosganlik” holati kamera orqali qayd etilsa, jarima qo‘llanilmasligi ham belgilanmoqda.

Majlisda qonun loyihasining bugungi kundagi zarurati xususida fikr-mulohazalar bildirildi. Jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan 241–modda, ya’ni “ma’muriy ogohlantirish” institutining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Uning qayd etishicha, bu insonparvar normalardan biri bo‘lib, endilikda loyihada sanab o‘tilgan oltita modda bo‘yicha yo‘l harakati qoidalari bilan bog‘liq moddalar bo‘yicha huquqbuzarliklar sodir etgan shaxsni insonparvarlik nuqtayi nazaridan, agar u aybiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan bo‘lsa, unga darhol jarima qo‘llamasdan vakolatli organ yoki mansabdor shaxs tomonidan unga nisbatan ma’muriy ogohlantirish chorasini qo‘llash nazarda tutilyapti. Bu insonparvarlik institutining qo‘llanilishi, albatta, e’tiborga molik.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling