Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston iqtisodiyotiga xalqaro moliyaviy resurslarni jalb etish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vaxabov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) vakillari, jumladan, YETTB bosh bankiri B.Xudaynazarov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish, strategik tarmoqlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, tashqi moliya bozorlariga chiqishga ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi.
Savdo-sanoat palatasi qoshida tashkil etilayotgan Tadbirkorlarga tashqi moliya bozorlariga chiqishga ko‘maklashish markazi faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu Markaz xalqaro moliyaviy resurslarni jalb qilishning muhim vositasiga aylanadi.
Muloqot doirasida to‘qimachilik sanoatidagi loyihalarni moliyalashtirish, jumladan, qayta ishlash quvvatlarini rivojlantirish, uskunalarni modernizatsiya qilish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, to‘xtab qolgan fabrikalarni tiklash, xususiy investitsiyalarni jalb qilish va texnik modernizatsiya dasturlarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, tomonlar tadbirkorlikni moliyalashtirish usullarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishdi. Jumladan, eksportoldi moliyalashtirish (faktoring), to‘qimachilik zonalarini rivojlantirish va “yashil iqtisodiyot” loyihalarini qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, YETTBdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish olish uchun mahalliy korxonalarga qo‘yiladigan talablar muhokama qilindi. Ular orasida moliyaviy shaffoflik, aniq biznes-reja, samarali korporativ boshqaruv, eksport salohiyati va xalqaro ekologik standartlarga rioya qilish kabi mezonlar borligi taʼkidlandi.
Uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tib, tomonlar kelgusi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldilar.