Yevropa Ligasi 1/8 final juftliklari: «Manchester Yunayted» – «Real Sosyedad», “Roma” – “Atletik”
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 21 fevral kuni, 2024/2025 yilgi Yevropa Ligasining 1/8 final bosqichi uchun qurʼa tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, musobaqaning keyingi bosqichida to‘qnash keladigan jamoalar aniqlandi.
Norvegiyaning “Budyo-Glimt” klubi yunonlarning “Olimpiakos” jamoasi bilan o‘ynaydi, Turkiyaning “Fenerbaxche” klubi esa Shotlandiyaning “Reyndjers” jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Amsterdamning “Ayaks” klubi Germaniyaning “Ayntraxt” jamoasi bilan kuch sinashsa, Ruminiyaning “Styaua” klubi Fransiyaning “Lion” jamoasiga qarshi o‘ynaydi.
Gollandiyaning «AZ Alkmar» jamoasi Londonning “Tottenxem” klubiga qarshi maydonga tushadi. «Real Sosyedad» esa Angliyaning «Manchester Yunayted» jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Chexiyaning «Viktoriya Plzen» klubi Italiyaning “Latsio” jamoasiga qarshi o‘ynasa, “Roma” klubi Bilbaoning “Atletik” jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Yevropa Ligasi 1/8 final bosqichining ilk uchrashuvlari 6 mart kuni, javob bahslari esa 13 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Musobaqaning final uchrashuvi 21 may kuni Ispaniyaning Bilbao shahrida bo‘lib o‘tadi.