Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yettita xalqaro va mahalliy investorlar «Avtooyna» MCHJning ustav kapitalidagi davlat ulushini sotib olishga qiziqish bildirgani haqida O‘zbekiston davlat aktivlari agentligi xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchi sifatida faoliyat yurituvchi Portfolio Investments kompaniyasi yetti investordan arizalar olgan. Barcha da’vogarlar xususiylashtirish jarayonining keyingi bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldilar.
Maxfiylik to‘g‘risidagi kelishuv (NDA) imzolanganidan so‘ng ishtirokchilarga ma’lumotlarni virtual ma’lumotlar xonasi (VDR) orqali olish imkoniyati yaratiladi. U yerda aktivlarning moliyaviy, yuridik va operatsiyaviy holatiga oid batafsil ma’lumotlar, shuningdek, maslahatchi tomonidan tayyorlangan tahliliy hisobot taqdim etiladi. Bu hisobot ishtirokchilarga majburiy takliflarni (BO) shakllantirish uchun xizmat qiladi.
Aktivlarni sotib olish bo‘yicha majburiy takliflar 2025-yil 15-mart kuni soat 23:59 (Toshkent vaqti) ga qadar qabul qilinadi.
Shu vaqtgacha ishtirokchilar elektron savdo platformasi «E-auksion»dagi shaxsiy kabinetlari orqali taklif etilayotgan summa qiymatining kamida 1% miqdorida kafolat to‘lovini kiritishi kerak. Bu to‘lov jarayon yakunlangach ishtirokchilarga qaytariladi. Biroq, xususiylashtirish jarayoni g‘olibi uchun bu to‘lov sotib olish summasining bir qismi sifatida hisoblanib, xususiylashtirish fondiga yo‘naltiriladi.
«Avtooyna» kompaniyasi turli xil va o‘lchamdagi avtomobil oynalari (150 dan ortiq tur) ishlab chiqaradi. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 420 mingdan ortiq mahsulotni tashkil etadi. Korxona Bystronic Glass (Shveysariya), Cugher, Ctriulzi, Mario Argiro, Kera Glass (Italiya), Glassrobots, Pilkington (Finlandiya) va Vetrotool (Ispaniya) kabi xalqaro brendlarning texnologiyalarini qo‘llaydi.