Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov hamda YeTTBning Barqaror infratuzilma guruhi Yevrosiyo infratuzilmasi direktori Yekaterina Miroshnik boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Samarqand viloyatiga yangi elektrobus xarid qilish loyihasining birinchi bosqichi amalga oshirilgani va ikkinchi bosqichda yana 250 dona elektrobus olib kelinishi rejalashtirilgani ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, tomonlar mazkur loyihani Namangan va Nukus shaharlarida ham amalga oshirish yuzasidan fikr almashdi.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirish doirasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi va mazkur loyihani YeTTB tomonidan moliyalashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuvda istiqboldagi hamkorlikning vazifalari va yo‘nalishlari belgilab olindi.