Yaponiya delegatsiyasi O‘zbekiston bilan sog‘liqni saqlash, IT va mehmonxona biznesidagi o‘zgarishlarni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Shu yilning 18-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Yaponiyaning Nara shahri meri Gen Nakagava boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Delegatsiya tarkibiga Yaponiyaning Forest Home, Morinaraduketen, Clam Group, Nara Kotsu Bus Lines, Withonoware, Rire Stage, Seiwa Giken, Sakurug, Seiyo Kosan, Reiwa Switch va boshqa yetakchi kompaniyalari rahbarlari kirdi.
Muzokaralar davomida tomonlar ikki taraflama hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollarini konstruktiv ruhda muhokama qildilar. Sog‘liqni saqlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mehmonxona biznesi sohalaridagi hamkorlik, shuningdek, O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlarini Yaponiya bozoriga eksport qilishni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yaponiya tomoni 17-aprel kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan qo‘shma biznes-forum tashkil etilganini yuqori baholab, uning Nara va Samarqand shaharlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishdagi muhimligini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida Yaponiya delegatsiyasi vakillari o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirish, shuningdek, ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.