Valyuta kurslari 27/12/2024
$1 – 12920.48
UZS – -0,06%
€1 – 13436.01
UZS – -0,19%
₽1 – 130.17
UZS – 0,39%
Qidirish
O‘zbekiston 27/12/2024 Yangi yil bayrami va dam olish kunlarida tibbiyot muassasalari tunu kun ishlaydi

Yangi yil bayrami va dam olish kunlarida tibbiyot muassasalari tunu kun ishlaydi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yangi yil va bayram kunlari davomida O‘zbekiston tibbiyot muassasalari uzluksiz ishlaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berishicha, bayram va qo‘shimcha dam olish kunlarida tibbiyot muassasalarining faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida maxsus shtab tashkil etilgan.

28-dekabr – 2-yanvar kunlari mamlakatimizdagi tuman (shahar), viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari hamda hududlardagi 39 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida 40 ming nafar tibbiyot tizimi xodimlari qonunda belgilangan tartibda, navbatchilik asosida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

Qo‘shimcha o‘rinlar va dori-dormonlar zaxirasi yaratilgan.

Qolaversa, bayram kunlari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 200 ga yaqin aholi punktida joylashgan shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida ham 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. Ushbu muassasalar zarur dori-darmonlar bilan ta’minlanib, zaxira o‘rinlari yaratilgan.

Bemorlarga shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatishda tez tibbiy yordam xizmatining o‘rni beqiyos. Chunonchi, Yangi yil bayrami munosabati bilan e’lon qilingan dam olish kunlarida mazkur soha egalari ham odatiy ish faoliyatini davom ettiradi. Xususan, Respublika tez tibbiy yordam markazining mamlakatimiz bo‘ylab 2 800 dan ortiq tibbiy yordam brigadasi aholidan bo‘ladigan chaqiriqlar uchun doimiy shay holda.

Bundan tashqari, bayram kunlari yurtimizdagi 230 ta tug‘uruq, 235 ta bolalar davolash muassasaci ham uzluksiz ish olib boradi. Respublika Call-markazi (1003) orqali esa tibbiyotga tegishli savollarga malakali mutaxassislardan tunu kun javob olish mumkin.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling