Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 3-aprel kuni Yangi Toshkent shahrida ilk inshootlar qurilishi boshlangan edi. Davlatimiz rahbari bu ulkan loyiha ilm va ta’lim maskanlaridan boshlanayotganiga urg‘u berib, “bular ma’rifatli jamiyat barpo etish g‘oyamizning asosi va namunasi bo‘ladi”, - degan edi.
Bugun Prezidentimiz ushbu majmualar qurilishini borib ko‘rdi.
Shulardan biri – O‘zbekiston Milliy kutubxonasi. 4 qavatli majmua o‘z nomiga mos milliy dizaynda bo‘ladi. Jami 30 ming kvadrat metr maydonda bir paytning o‘zida 1 ming 420 nafar kitobxonga sifatli xizmat ko‘rsatiladi.
Bu yerda kutubxona fondidagi adabiyotlarni munosib saqlash, sanoqdan o‘tkazish, xavfsizligini ta’minlash va sterilizatsiya qilishga mo‘ljallangan maxsus asbob-uskunalar o‘rnatiladi. Shuningdek, majmua ko‘p funksional bo‘ladi. Tashrif buyuruvchilar uchun 300 o‘rinli kafe, galereya, yengil sport o‘yinlari va boshqa qulayliklar tashkil etiladi.
- Men avval aytganimdek, bizning ikkita o‘q tomirimiz, ikkita tayanch ustunimiz bor: biri – iqtisodiyot bo‘lsa, biri – ma’naviyatdir. Ma’naviy buyuk xalq – iqtisodiy tomondan ham buyuk bo‘ladi. Bilimli yoshlar bobolarimizga munosib keng fikrli, milliy g‘ururli, yetuk insonlar bo‘ladi. Shuning uchun yangi shahrimiz qurilishini ma’rifat maskanlaridan boshlayapmiz. Bular yuz yilga tatigulik ma’naviyat, ma’rifat, ilm o‘chog‘i bo‘lishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Zamonaviy kutubxonada xodimlar ham shunga munosib bo‘lishi, ilg‘or axborot texnologiyalari va xizmatlarni yaxshi bilishi kerakligi ta’kidlandi. Shu bois O‘zbekiston Milliy universiteti va boshqa o‘quv yurtlarida kutubxonachilar tayyorlash sifatini oshirish vazifasi qo‘yildi. Mamlakatimizning 14 ta shahrida kutubxona filiallarini tashkil etib, hududlardagi aholining ham kitob o‘qishiga qulaylik yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shaharda Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda “Yangi O‘zbekiston” universiteti uchun zamonaviy majmualar ham bunyod etilmoqda. Prezidentimiz ularning qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Hozirgi kunda Toshkent davlat pedagogika universitetining yettita fakulteti tarqoq joylashgan. Binolarning aksariyati eskirgan.
Shu bois universitet uchun qirq gektarlik maydonda 20 ming talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari quriladi. Shuningdek, 5 ming o‘rinli yotoqxona, 300 o‘rinli bog‘cha, 616 o‘rinli maktab, 588 o‘rinli akademik litsey, sport va madaniyat saroylari, amfiteatr va boshqa inshootlarni o‘z ichiga oladi. Bir so‘z bilan aytganda, yuqori reytingli xorijiy oliygohlar tajribasi asosida “bog‘cha – maktab – universitet” yaxlitligidagi innovatsion pedagogik klaster tashkil etiladi.
Majmuada pedagog va talabalar uchun eng zamonaviy qulayliklar hozirlanadi. Darslar bir smenaga o‘tkazilishi, dual ta’lim yo‘lga qo‘yilishi evaziga o‘qish va amaliyot sifatida o‘sish bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston” universiteti oliy ta’lim tizimida yangi daraja bo‘ldi. Uning o‘quv dasturlari dunyo reytingida yuqori o‘rinda turuvchi universitetlar professor-o‘qituvchilarini jalb qilgan holda, Germaniya standartlari asosida ishlab chiqilgan.
Bu yerda o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar soni yildan yilga ortmoqda. Bugungi kunda muassasada ming nafardan ortiq talaba ta’lim olmoqda.
Universitet uchun yangi majmua qurilishi uch bosqichda olib boriladi. Dastlab o‘quv binolari va rektorat bunyod etilishi ko‘zda tutilgan.
Yakunda o‘n ming nafar talabani qamrab oladigan beshta fakultet, bir vaqtning o‘zida sakkiz ming nafar talabaga xizmat ko‘rsatadigan rektorat binosi qad ko‘taradi. Kutubxona, muzey, ko‘rgazma zali, multimedia xonasi, sport majmuasi, suzish havzasi tashkil etiladi.
Shuningdek, o‘qituvchilar uchun 286 o‘rinli turar joy, talabalar uchun 2 ming o‘rinli yotoqxona qurilishi rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bu majmualarning kelgusidagi ahamiyatiga to‘xtalib, o‘quv jarayonini oqilona tashkil etish muhimligini ta’kidladi.
- Bu ma’rifat maskanlari - yoshlarimizga investitsiya. Ulardagi yo‘nalishlar, dasturlar, ta’lim sifati va kasblarda Yangi O‘zbekistonimizdagi marralar mujassam bo‘lishi kerak. Bugun bilim olayotgan yoshlar kelajakda mamlakatimizni oldinga boshlaydigan, muammolarni hal etadigan “kalit”, - dedi Prezident.