Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlatimiz rahbarining Bo‘stonliq tumaniga qilgan tashriflari davomida, ushbu hududda turizmni yanada rivojlantirish, sayyohlarga transport xizmatlaridan foydalanishda qulaylik yaratish borasida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan qator ishlar amalga oshirildi. 2024-yil dekabr oyida Toshkentdan Xo‘jakentga yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Xo‘jakentdan Chinorkentgacha 1,5 km masofaga temir yo‘l qurildi, shuningdek, “Chinorkent” temir yo‘l bekati qurib bitkazildi hamda 22-yanvar kuni foydalanishga topshirildi. Bu yerda 150 m uzunlikda perron hamda soyabon qurilib, imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun sirg‘anishga qarshi plitalar o‘rnatildi hamda yo‘lovchilar uchun yer osti tunneli barpo etildi.
Endilikda toshkentdan yo‘lga chiqqan yo‘lovchilar, sayyohlar zamonaviy elektropoyezdda “Chinorkent ” temir yo‘l bekatiga bemalol yetib kelishi mumkin.
Yo‘lovchilar, shuningdek, poyezdda o‘z transport kartalaridan, xususan, ATTO kartalaridan foydalangan holda, yo‘l haqini to‘lashlari mumkin.