Yandex Uzbekistan talabalar va IT-mutaxassislar uchun Coding and Math Contest intellektual tanlovini boshladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yandex Uzbekistan dasturlash va matematika bo‘yicha intellektual tanlov — Coding and Math Contest'ni tashkil etmoqda. Bu o‘z bilimlaringizni sinovdan o‘tkazish, dunyodagi yetakchi ekspertlar tomonidan tayyorlangan topshiriqlarni bajarish va qimmatbaho sovg‘alarni qo‘lga kiritish imkonini beradi.
Unda ishtirok etish uchun O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlari talabalari hamda mamlakatda faoliyat yuritayotgan IT-mutaxassislari ariza topshirishlari mumkin. Tanlovda muvaffaqiyat qozonish uchun zamonaviy dasturlash tillari, algoritmlar, statistika, ehtimollar nazariyasi, matematik analiz va chiziqli algebra bo‘yicha bilimlar talab etiladi.
Tanlov ikki onlayn bosqichda o‘tkaziladi: ishtirokchilar avval dasturlash bo‘yicha, keyin esa matematika bo‘yicha topshiriqlarni bajarishadi. Mazkur topshiriqlar dunyoning yetakchi mutaxassislari tomonidan tayyorlangan: dasturlash bo‘yicha Andrey Stankevich — ICPC jahon chempionatining eng nomdor murabbiyi, matematika bo‘yicha esa Aleksey Tolstikov — Yandex ma’lumotlar tahlili maktabi direktori va Mahmud Sodikov — Senior AI Engineer, MSc MIPT. Ikkita bosqich natijalariga ko‘ra g‘oliblar aniqlanadi va New Uzbekistan University'da o‘tkaziladigan mukofotlash marosimiga taklif etiladi.
Tanlov ishtirokchilarga o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazish imkonini beradi. Shuningdek, eng yaxshi ishtirokchilarga pul mukofotlari, gadjetlar va Yandex Plus uchun promokodlar taqdim etiladi. Jami mukofot fondi 65 mln so‘m bo‘lib, u 1-dan 8-o‘ringacha bo‘lgan ishtirokchilar o‘rtasida taqsimlanadi.
«Biz uchun matematika va dasturlash sohasidagi iste’dodli studentlar va yosh mutaxassislarni rivojlantirishga yordam beradigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhim. Yandex Uzbekistan Coding and Math Contest — bu faqat tanlov emas, balki ishtirokchilarga o‘z kuchlarini sinovdan o‘tkazish, qimmatli tajriba olish va professional jamiyatga a’zo bo‘lish imkoniyatini beradi. Bu loyiha IT-mutaxassislarni tayyorlashga hissa qo‘shishiga ishonamiz», — deb ta’kidladi New Uzbekistan University'ning o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Dr. Bahodir Ahmedov.
Ro‘yxatdan o‘tish 18 aprelga qadar ochiq. Tanlov ingliz tilida o‘tkaziladi va unda ishtirok etish bepul. Natijalar 27 aprel kuni mukofotlash marosimida e’lon qilinadi. Loyiha New Uzbekistan University, ML Community (INHA University) va Yandex ma’lumotlarni tahlil qilish maktabi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.