Yandex Uzbekistan dasturlash maktabiga yo‘l ochadigan kursni ishga tushirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yandex Uzbekistan 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar uchun dasturlash bo‘yicha bepul onlayn kursni ishga tushirmoqda. Kursni yakunlab, yakuniy testdan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilar tanlovsiz Yandeks dasturlash maktabiga qabul qilinadi. Bu imkoniyat avval dasturlashni o‘rganish imkoniga ega bo‘lmagan bolalar uchun ham ochiq.
Kurs oldindan tayyorgarlikni talab qilmaydi va IT sohasiga qiziqishni endi boshlagan, dasturlashda ilk qadamlarni qo‘yayotgan yoshlar uchun mo‘ljallangan. Darslar Python dasturlash tilining asoslarini qamrab oladi. Shuningdek, “turtle” nomli vizual modul orqali kodni ekrandagi rasm va bezaklarga aylantirish o‘rgatiladi. Bu uslub dasturlashning qanday ishlashini tushunishni yengillashtiradi va o‘quv jarayonini qiziqarli qiladi.
Kurs 8 ta mavzudan iborat bo‘lib, har bir modul 1 soatdan 1,5 soatgacha davom etadi. Barcha topshiriqlar avtomatik tarzda tekshiriladi — ishtirokchilar o‘z natijalarini darhol ko‘rishlari va rivojlanishini kuzatib borishlari mumkin.
Kursni yakunlaganlar sertifikatga ega bo‘lishadi. Shuningdek, kursni 20 avgustgacha yakunlagan eng yaxshi 120 nafar o‘quvchi Yandeks dasturlash maktabiga tanlovsiz qabul qilinadi. Kuzgi dasturga Python'ni chuqur o‘rganish, loyihalar ustida ishlash va jamoaviy ish ko‘nikmalarini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar kiradi.
Kursda ishtirok etish uchun faqat internetga ulangan kompyuter talab qilinadi. Darslarni istalgan vaqtda va o‘zingizga qulay sur’atda o‘tish mumkin. Kurs to‘liq bepul. Ro‘yxatdan o‘tish 15 avgustgacha ochiq.
Onlayn kurs — O‘zbekistonning istalgan hududidagi o‘quvchilar uchun dasturlashni o‘rganish va zamonaviy texnologiyalar dunyosiga ilk qadam qo‘yish imkoniyatidir.