Xo‘jandda tarixiy sammit: mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 31 mart kuni Xo‘jandda chinakam tarixiy voqea – O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tadi. Uning yakunlari bo‘yicha davlatlar rahbarlari Davlat chegaralarining uchrashish nuqtasi to‘g‘risidagi bitimni imzolaydilar. Bu davlat chegaralarini butun mintaqa xavfsizligi va farovonligini mustahkamlashga hissa qo‘shadigan tinchlik, barqarorlik va umumiy rivojlanish hududiga aylantirishga bo‘lgan qatʼiylikdan dalolatdir.
Farg‘ona vodiysini ikkiga bo‘lib turgan uchta mamlakat o‘rtasida chegara masalalarining hal etilishi - hurmat, suverenitet, tenglik va o‘zaro manfaat tamoyillariga asoslangan ko‘p yillik mashaqqatli mehnat, samimiy muloqot va hamkorlik samarasidir. U uchta mamlakat xalqlari o‘rtasidagi ishonch va do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga, ularning turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilgan holda, har tomonlama sheriklikni rivojlantirish uchun mutlaqo yangi istiqbollarni ochadi.
Ayni damda, shuni alohida qayd etish kerakki, bu jarayonda butun mintaqaning birlashuvi katta rol o‘ynadi, bu esa mohiyatan, yuzaga kelayotgan muammolarni faqat murosaa va bir-birining manfaatlarini o‘zaro hurmat qilish ruhida tartibga solish uchun asos yaratdi.
Ko‘pchilik ekspertlar Markaziy Osiyo qisqa vaqt ichida mintaqa haqidagi tasavvurlarni butunlay ijobiy tomonga o‘zgartirdi, degan yakdil fikrni bildiradilar. Yaqin o‘tmishda ham mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar, u hoh chegara masalalari bo‘lsin, hoh suvdan foydalanish masalasi bo‘lsin, hal etilmagan muammolar va o‘tkir qarama-qarshiliklar bilan to‘la edi.
Biroq yaqindagina ilojsiz deb ko‘ringan davlatlararo nizolar bugun endi bemaʼni ssenariydek ko‘rinmoqda. Turli shubhalar, skeptitsizm va nosog‘lom raqobat o‘rnini ishonch, o‘zaro tushunish va mintaqa oldidagi umumiy muammolarni birgalikda hal etishga bo‘lgan intilish egalladi.
Bugun mamlakatlar rahbarlarining siyosiy birlashuvi samarasida Markaziy Osiyo ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkolrik makoniga aylandi. Mintaqa yuzaga kelayotgan muammo va tahdidlarni mustaqil yenggib, yana-da barqarorlashdi, iqtisodiy va investitsiyaviy faollik markaziga aylangan holda, izchil rivojlanish trayektoriyasiga chiqdi.
Markaziy Osiyo global kun tartibini shakllantirishda xalqaro munosabatlarning masʼul va ishonchli subyekti sifatida tobora muhim rol o‘ynay boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning faol tashqi siyosati mintaqani yaqinlashtirish jarayonlariga muhim hissa qo‘shdi. Prezident mamlakat rahbari lavozimiga kirishgan dastlabki kunlardanoq, Markaziy Osiyo mintaqasini O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining muhim ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab bergan.
Yaxshi qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlash, mavjud muammolarni tartibga solish, umummintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro maydonda faol hamkorlik qilish mintaqaviy siyosatning asosiy vazifalariga aylandi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan 2017 yilning noyabr oyi Samarqand shahrida BMT shafeligi ostida tashkil etilgan “Markaziy Osiyo: yagona o‘tmish va umumiy kelajak” yuqori darajadagi konferensiyasi mintaqaviy hamkorlikning mutlaqo yangi formatini shakllantirish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarini muntazam o‘tkazish uchun kelgusi harakatlarga zamin yaratdi.
Bu esa, o‘z navbatida, mintaqada sog‘lom siyosiy muhitni shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratdi, Markaziy Osiyoni yana-da birlashtirish uchun asoslar yaratgan holda, davlatlararo munosabatlarni tubdan yaxshilash imkonini berdi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mexanizmining yo‘lga qo‘yilishi Markaziy Osiyo tarixida burilish bo‘ldi. Maslahat uchrashuvlari strategik masalalarni muhokama qilish va muhim qarorlar qabul qilish uchun asosiy platformaga aylandi. So‘nggi yillarda u Markaziy Osiyoda davlatlararo hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasi va institutsional asoslarini rivojlantiruvchi va mustahkamlovchi amaliy mexanizmga aylandi.
Turli mexanizmlar ishga tushirildi, jumladan tashqi siyosiy va tarmoq vazirliklari rahbalarining uchrashuvlari tashkil etildi. Yetakchi ayollar, rektorlar, olimlar, yoshlar uchrashuvlari, iqtisodiy forum va ko‘rgazmalar, qator madaniy-gumanitar tadbirlar muntazam ravshida o‘tkazib kelinmoqda.
Konseptual, jumladan uzoq muddatli hujjatlarning qabul qilinishi mazkur format doirasida olib borilgan ko‘p yillik o‘zaro hamkorlik natijasi bo‘ldi. Xususan, 2024-yilning avgust oyida bo‘lib o‘tgan Ostona sammitida “Markaziy Osiyo – 2040 mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirish konsepsiyasi” qabul qilindi. Hujjatda mamlakatlarning dolzarb muammolarni birgalikda hal qilishga va mintaqada kooperatsiya jarayonlarini chuqurlashtirishga intilishi mustahkamlanadi.
Bundan tashqari, xuddi shu sammitda qabul qilingan 2025-2027 yillarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ning qabul qilinishi mintaqa mamlakatlarining faol harakat qilishga tayyorligini namoyish etib, qabul qilinayotgan konseptual hujjatlarni amalga oshirishga intilishlarini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, siyosiy birlashuv va yuksak darajadagi ishonch faol iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shdi. 2016 yildan buyon mintaqaviy YAIM 80 foizdan oshib, 2024 yil yakunida qariyb 500 mlrd dollarga yaqinlashdi.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma investitsiyaviy loyihalari va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega ishlab chiqarishlarni rivojlantirib, anʼanaviy savdo chegaralaridan chiqdilar. Bu transport va energetika tizimi hamda yangi logistika yo‘nalishlariga integratsiya qilingan yagona mintaqaviy bozorni shakllantirishga olib keladi.
Bundan tashqari, mintaqada chegara savdo-sanoat zonalari tashkil etilmoqda. Yirik qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish maqsadida ikki tomonlama formatda O‘zbekiston-Qirg‘iziston va O‘zbekiston-Tojikiston investitsiya fondlari ishga tushirildi.
Ushbu institutlar doirasida avtomobilsozlik, elektr-texnika, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish boshlandi. Bu import o‘rnini bosuvchi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, Markaziy Osiyo sanoat infratuzilmasining barqarorligini taʼminlash uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Boshqacha aytganda, mintaqaviy yaqinlashuv jarayonlari uzoq vaqt davomida Markaziy Osiyoning ayrim davlatlari uchun murakkab va nozik bo‘lgan chegara masalalarini tartibga solishda muhim rol o‘ynadi.
Xususan, mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan chegaradosh bo‘lgan O‘zbekiston Qozog‘iston bilan chegara masalasida to‘liq kelishib oldi, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegaralarini delimitatsiya qildi.
Shu bilan birga, viza rejimlari soddalashtirilib, o‘tkazish punktlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati yaxshilanmoqda. Bu fuqarolarning o‘zaro sayohatlarining ko‘payishiga hissa qo‘shmmoqda. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning Turkmanistondan boshqa barcha mamlakatlari bilan vizasiz sayohat rejimini saqlab qolgan.
Bugun O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolari ro‘yxatga o‘tmasdan turib, 30 kunlik muddatga o‘zaro sayohat qilish imkoniga egalar. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida 60 kungacha vizasiz rejim o‘rnatilgan, 2023 yilning 1 sentyabrdan boshlab esa, ikki davlat fuqarolarining o‘zaro sayohatlari uchun (chet el pasportlari o‘rniga) ID-kartalardan foydalanish imkoni yaratildi. O‘z navbatida, Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari viza rasmiylashtirmasdan 30 kungacha mamlakat hududida qolishlari mumkin.
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida davlat chegarasi to‘g‘risidagi Bitimning imzolanishi tugab borayotgan oyning muhim voqeasi bo‘ldi. Mohiyatan, ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq vaqtdan beri davom etayotgan kelishmovchiliklar o‘tmishda qoldi va o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Bundan tashqari, tomonlar to‘rt yil davomida yopiq bo‘lgan ikkita chegara nazorat-o‘tkazish punktlarining ishini qayta ochib, aviatashuvlarni tiklash to‘g‘risida kelishib oldilar.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaralar tutashgan nuqtasi hududi to‘g‘risidagi Bitimning imzolanishi Markaziy Osiyodagi aholi eng zich joylashgan va iqtisodiy faol hududlardan biri – Farg‘ona vodiysini rivojlantirishda ayniqsa muhim ahamiyatga ega. Uning hududida 16,5 mlndan ortiq aholi yoki beshta mamlakat umumiy aholisining 20 foizi istiqomat qiladi. Vodiyda aholi zichligi bir kvadart metrga 200 kishini tashkil etadi, bu Markaziy Osiyo bo‘yicha umumiy ko‘rsatgichdan 12 barobar ko‘pdir.
Chegara masalalarining tartibga solinishi va oldingi cheklovlarning bekor qilinishi savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, transport o‘zaro bog‘liqligi va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi. Chegaradan o‘tish rejimining soddalashtirilishi biznes, transchegaraviy savdoni rivojlantirish hamda savdo migratsiyasi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga ijobiy taʼsir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Bitim qo‘shma infratuzilma loyihalari, jumladan transport yo‘laklarini modernizatsiya qilish, logistika markazlarini tashkil qilish va chegara savdo-sanoat zonalarini rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochadi. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiy hayotni faollashtirishga, investitsiyalarning oshishiga va jadal rivojlanayotgan Farg‘ona vodiysi uchun ayniqsa muhim bo‘lgan yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga xizmat qiladi.
Shunday qilib, Xo‘janddagi uch tomonlama sammit mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashning mantiqiy davomi bo‘libgina qolmay, butun dunyoga Markaziy Osiyo murakkab masalalarni tinch yo‘l bilan, muloqot va o‘zaro kelishuvlar orqali mustaqil hal qilishga tayyor ekanini ko‘rsatuvchi muhim belgi bo‘ladi.
Azamat Sulimanov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i
Saidbek Mamatkobilov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi