Xodimlarni davlat ijtimoiy sug‘urtalash tizimi joriy etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda deputatlar “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qildilar.
Ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda har kim mehnat qobiliyatini yo‘qotganida hamda ishsizligida ijtimoiy ta’minot huquqiga ega ekanligi belgilangan. Biroq, bugungi kunda xodimlar vaqtincha mehnat qobiliyatini yo‘qotganida yoki ishdan bo‘shatilganda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda bir qator muammolarga duch kelmoqda.
Jumladan, homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari ish beruvchilar uchun ortiqcha moliyaviy yuklama bo‘lganligi sababli, ushbu nafaqalarni xususiy sektorda to‘lamaslik yoki homiladorlarni ishga olmaslik, ularni ishdan bo‘shatish holatlari kuzatilmoqda.
Yuqoridagi holatlarning oldini olish maqsadida qonun loyihasi bilan bir qator muhim normalar belgilanmoqda. Ya’ni, loyihada davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi va davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘lovlarini to‘lash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, kasallik tufayli vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish hamda ish yoki daromadni yo‘qotish bilan bog‘liq holatlarda to‘lanadigan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi va ishdan bo‘shatilganlik nafaqasi davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha sug‘urta hodisalari ro‘y berganda tegishli to‘lovlarni tayinlash va to‘lash tartibi, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni to‘xtatib turish, qayta tiklash va tugatish asoslari belgilanmoqda.
Deputatlarning ta’kidlashicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi faoliyat turidan qat’i nazar ishlayotgan xodimlarga vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi, xomiladorlik va tug‘ish nafaqasi hamda ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘liq to‘lanishiga, ijtimoiy faol aholining kambag‘al oilalar toifasiga tushib qolishining oldini olishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi vaSenatga yuborildi.