Xitoyning Gaffluence kompaniyasi O‘zbekistonda poyabzal ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “UzCharmExpo-EurAsia-2025” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi o‘rinbosari M. Zaxidov Xitoyning ilg‘or poyabzal ishlab chiqaruvchilaridan biri – Gaffluence Company vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muloqot davomida Gaffluence kompaniyasi O‘zbekiston charm-poyabzal sanoatiga kirib kelish bo‘yicha aniq strategiyasini taqdim etdi. Dastlabki bosqichda ular mahalliy korxonalar bilan autsorsing asosida hamkorlik qilib, o‘z texnologiyalari va ishlab chiqarish standartlarini joriy etishni rejalashtirgan. Bu bosqich mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun katta tajriba va bilim almashinuvi imkonini beradi.
Keyingi bosqichda esa kompaniya O‘zbekistonda to‘liq ishlab chiqarish bazasini barpo etish niyatida. Bu esa mamlakatga xorijiy investitsiyalar oqimini, zamonaviy uskunalarning kirib kelishini va yangi ish o‘rinlari yaratishni ta’minlaydi.