Valyuta kurslari 21/01/2025
$1 – 12975.09
UZS – 0,06%
€1 – 13373.43
UZS – 0,16%
₽1 – 127.63
UZS – 0,9%
Qidirish
Xitoy 17/01/2025 Xitoyda internet foydalanuvchilari soni 1,108 milliardga yetdi

Xitoyda internet foydalanuvchilari soni 1,108 milliardga yetdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoy Internet ma’lumotlari markazi hisobotiga ko‘ra, 2024-yil dekabriga kelib, Xitoyda internet foydalanuvchilari soni 1,108 milliardga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2023-yilning oxiriga nisbatan 16,08 millionga ko‘p. Internet qamrovi darajasi 78,6% ni tashkil etdi.

2024-yil Xitoy internetga ulanganiga 30-yil to‘ldi. Mamlakatda dunyodagi eng yirik internet infratuzilmasi yaratilgan bo‘lib, zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirilmoqda. Bu raqamli iqtisodiyotning tezkor rivojlanishiga ko‘maklashmoqda.

Bir milliarddan ortiq xitoyliklar onlayn to‘lov xizmatlaridan foydalanadi, internet orqali xaridlar qiladigan foydalanuvchilar soni esa 974 millionga yetgan. Xitoy chakana onlayn sotuv hajmi va mobil to‘lovlar mavjudligi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinda qolmoqda.

Xitoy Davlat statistika boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilda mamlakatda chakana onlayn sotuv hajmi 15,52 trillion yuanni (taxminan 2,15 trillion AQSH dollari) tashkil etdi. Bu 2023-yilga nisbatan 7,2% ga ko‘p. Jismoniy tovarlarning onlayn sotuv hajmi 6,5% ga o‘sib, 13,08 trillion yuanni tashkil etdi va umumiy chakana sotuv hajmining 26,8% ni egalladi.

Sayohat xizmatlari sohasida onlayn xizmatlar hajmi ham sezilarli darajada oshdi. Onlayn sayohat bron qilish xizmatlaridan foydalanuvchilar soni 548 millionga yetdi, bu yil davomida 39,35 millionga ko‘paygan. Ular umumiy internet foydalanuvchilari sonining 49,5% ni tashkil etdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling