Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xitoyga tashrifi doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuvda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli infratuzilmani rivojlantirish, raqamli iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash hamda ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar ikki davlat raqamli sektorlarining so‘nggi tendensiyalari bilan o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasidagi hamkorlikni kengaytirishga e’tibor qaratdilar.
Xususan, AKT infratuzilmasi, kreativ iqtisodiyot, dasturiy ta’minot va IT autsorsing xizmatlari hamda boshqa bir qator dolzarb yo‘nalishlarda hamkorlik qilish masalalari ko‘rib chiqildi.