Xitoy Eksimbanki Toshkent uchun 200 ta elektrobus xaridini moliyalashtirishi mumkin
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Transport vazirining o‘rinbosari Ilxomjon Abdug‘afurov Xitoy Eksport-import bankining erkin savdo va imtiyozli kreditlash departamenti rahbari Mo Go bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralarda Toshkent shahri transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha Bosh boshqarma hamda “Toshshaxartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati vakillari ham ishtirok etdilar.
Suhbat markazida Toshkent shahri jamoat transporti ehtiyojlari uchun 200 ta elektrobus xarid qilish loyihasini amalga oshirish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasi Eksimbanki tomonidan moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur loyiha “O‘zbekiston – 2030” Strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi va “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish yili” doirasida amalga oshirilayotgan bo‘lib, u iqlim o‘zgarishlariga moslashish, ugleroddan xolis yechimlarni ilgari surish va “yashil” loyihalarni rivojlantirishga qaratilgan. Bu masalalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlarida ham o‘z ifodasini topgan.
Uchrashuv doirasida Nukus shahri va viloyatlar maʼmuriy markazlari uchun siqilgan tabiiy gazda harakatlanadigan 1000 ta yirik avtobuslarni jadal tarzda xarid qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, tomonlar qo‘shma loyihalar doirasida hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab oldilar.