Xitoy delegatsiyasi Toshkent aeroportining yangi yuk terminali imkoniyatlari bilan tanishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoy delegatsiyasi mamlakatimizning multimodal yuk tashish sohasidagi salohiyati bilan tanishish maqsadida 5-8 aprel kunlari O‘zbekistonda bo‘lmoqda.
Ushbu tashrif doirasida Xitoy delegatsiyasi bilan “Uzbekistan Airports” kompaniyasi rahbariyati oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Xorijlik mehmonlar, jumladan, Sinxua shahar XKP qo‘mitasi kotibi va Iu shahri meri, shuningdek, Xitoyning eng yirik temir yo‘l tashuvchisi – "YiWu Timex Industrial Investment Co., Ltd." prezidentiga Toshkent aeroportidagi yangi yuk terminalining imkoniyatlari taqdim etildi. Ekskursiya davomida hamkorlar o‘simliklar va tirik hayvonlar, qimmatbaho yuklar, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni saqlash uchun mo‘ljallangan umumiy va maxsus omborxonalarni ko‘zdan kechirdi.
"Toshkentdagi yangi yuk terminali joriy yilning mart oyi oxirida ochilgan boʻlib, yiliga taxminan 120 ming tonna yukni qabul qilishga moʻljallangan. Talab ortib boradigan boʻlsa, biz omborxonalarni kengaytirib, yangilarini qurishga tayyormiz. Biz hamkorlikka ochiqmiz va yuk tashish hajmini rivojlantirish uchun hamkorlar uchun shart-sharoit yaratishga tayyormiz. Biz yuqori salohiyatga ega boshqa mintaqaviy aeroportlarni ham taklif qilishga tayyormiz", - dedi "Uzbekistan Airports" AJ Boshqaruv raisi Javlonbek Umarxodjayev.
"Biz Oʻzbekistonni Xitoydan Yevropa mamlakatlariga qoʻshma yuk tashish tizimini tashkil etishda muhim trans-magistral markaz sifatida ko'rmoqdamiz. Mamlakat bu yoʻnalishni rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega. Shu bilan birga, biz nafaqat havo transporti haqida, balki multimodal yuk tashish – havo, avtomobil va temir yoʻl transportini ham nazarda tutmoqdamiz." - deya qo'shimcha qildi delegatsiya rasmiylari.
Suhbatni davom ettirar ekan, xorijiy hamkorlar Toshkentdan tashqari, Xitoyga eng yaqin joylashuvi bilan jozibador bo‘lgan Andijon viloyatiga ham yuqori qiziqishlarini ta’kidladilar. Delegatsiya O‘zbekistonda bo‘lishi davomida Andijon viloyatiga tashrif buyurib, uning multimodal yuk tashishni rivojlantirish borasidagi imkoniyatlari bilan tanishish niyatida.