XGE O‘zbekiston charm sanoati korxonalarini global bozorga chiqishiga ko‘maklashadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi A. Sultanov va Ispaniyaning “Xporting Goods Europe” (XGE) kompaniyasi direktori J. Rodrigues o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish hamda O‘zbekiston charm sanoati mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi (YeI), xususan, Ispaniya bozoriga olib chiqish masalasi muhokama qilindi.
XGE kompaniyasi xalqaro savdolarni amalga oshirish va salohiyatli hamkorlar topish bo‘yicha xalqaro savdo tashkiloti sifatida tanilgan. Muloqotda XGE o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlarini Yevropa bozorida kengaytirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Shu bilan birga, kompaniya mahalliy korxonalar uchun YeI standartlariga mos marketing faoliyatini amalga oshirish, shuningdek, marketing va savdo sohalarida malaka oshirish kurslari va treninglar tashkil etishga tayyorligini ma'lum qildi.
Bundan tashqari, tomonlar yirik xalqaro ko‘rgazmalarda va biznes tashriflarda O‘zbekiston charm sanoati vakillarining ishtirokini ta'minlash, Yevropadagi poyabzal va charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchi brendlar bilan muzokaralar tashkil etish masalalarida hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Bu tashabbuslar O‘zbekiston charm sanoatining global bozorga integratsiyasini kuchaytirishga, yangi eksport imkoniyatlarini yaratishga va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro darajada tanitishga xizmat qilishi kutilmoqda.