Valyuta kurslari 23/04/2025
$1 – 12878.96
UZS – -0,24%
€1 – 14801.79
UZS – -0,71%
₽1 – 158.39
UZS – -0,85%
Qidirish
O‘zbekiston 23/04/2025 “Xalqaro Yer kuni” munosabati bilan Toshkentda atrof-muhit muhofazasi bo'yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o'tkazildi

“Xalqaro Yer kuni” munosabati bilan Toshkentda atrof-muhit muhofazasi bo'yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o'tkazildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2009-yil 22-aprelda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan rasman e’tirof etilgan “Xalqaro Yer kuni” — butun insoniyatni sayyoramizga nisbatan mas’uliyatli bo‘lishga chaqiradigan muhim sanadir. Bu kun tabiat va insoniyat o‘rtasidagi uyg‘unlikni saqlash, ekologik muvozanatni ta’minlash hamda barqaror taraqqiyotni rag‘batlantirish maqsadida nishonlanadi.

Toshkent shahrida 22 aprel – Xalqaro Yer kuni munosabati bilan “Atrof muhit muhofazasi, iqlim o‘zgarishi, degradatsiyaga uchragan tuproqlar unumdorligini oshirishda innovatsion texnologiyalar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi, Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Fanlar akademiyasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Turizm qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi agentligi va “IFODA” Agro Kimyo Himoya tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Dolzarb muammolar va huquqiy asoslar

Tadbirda qayd etilishicha, global miqyosda har yili 7–8 million gektar hosildor yerlar degradatsiyaga uchramoqda. O‘zbekistonda ayrim hududlarda gumus miqdori 40–50 foizgacha kamaygan, bu esa tuproqning biologik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Tuproqlarni muhofaza qilish va qayta tiklash bo‘yicha chora-tadbirlar quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar bilan bevosita bog‘liqdir: 2019-yil 4-oktabrdagi PF-5863-sonli “2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident farmoni, 2022-yil 101-iyundagi PQ-277-sonli “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, 2023-yil 31-maydagi PF-81-sonli– “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni. Mazkur hujjatlar konferensiyaning siyosiy-huquqiy asosini tashkil etib, davlat darajasida yer resurslarini muhofaza qilish, ularning hisobini yuritish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarning muhimligini ko‘rsatib berdi.

Ilmiy va amaliy yondashuvlar

Konferensiyada kopgina davlatlardan taniqli olimlar va ekspertlar ishtirok etdilar. Ishtirokchilar tomonidan quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda fikr va takliflar ilgari surildi:

Tuproqlarni degradatsiyadan saqlashda raqamli texnologiyalar va monitoring tizimlarini joriy etish;

“Yashil iqtisodiyot” doirasida yer resurslarini boshqarishning zamonaviy uslublari;

Organik va uglerodli dehqonchilikka o‘tish orqali ekologik barqarorlikka erishish;

Qishloq xo‘jaligida resurslar (suv, o‘g‘it, energiya) tejamkor texnologiyalarni ommalashtirish.

Konferensiyada alohida urg‘u berilgan masalalardan biri – oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va har bir gektar yerdan samarali foydalanishni kuchaytirishdir. Bu Prezident tomonidan belgilangan 2030-yilgacha bo‘lgan oziq-ovqat xavfsizligi strategiyasi doirasida ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Amaliy tadbirlar va tashabbuslar

Konferensiyaning ikkinchi va uchinchi kunlari Jizzax va Toshkent viloyatlarida ilmiy dala tadbirlari va seminarlar tashkil etildi. “Yashil makon” loyihasi doirasida degradatsiyaga uchragan yer maydonlarida yong‘oq, pista va bodom daraxtlari ekildi. Shuningdek, yosh olimlar ishtirokidagi “Eng yaxshi ilmiy ish” tanlovi o‘tkazildi. “Tuproq unumdorligini oshirishda ekologik toza va resurstejamkor texnologiyalar” mavzusidagi ko‘rgazmalar konferensiyaning amaliy qismiga boylik bag‘ishladi.

Xulosa va tavsiyalar

Konferensiyada quyidagi dolzarb takliflar ilgari surildi:

Tuproq degradatsiyasini baholash, monitoring qilish va yer kadastrini raqamlashtirish tizimini kuchaytirish;

Yer degradatsiyasini baholashda yer degradatsiyasini neytralligini o’lchash uchun ishlatiladigan 3ta asosiy ko’rsatkichdan foydalanish;

Suv tejovchi va ekologik o‘g‘itlash texnologiyalarini davlat dasturlari orqali joriy etish;

Fermer va dehqon xo‘jaliklariga ekologik barqaror texnologiyalarni tatbiq etishda moliyaviy va institutsional yordam ko‘rsatish;

Iqlim o‘zgarishiga moslashgan, uglerod neytral dehqonchilik tizimlarini xalqaro hamkorlik asosida joriy etish.

Ma’lumot o‘rnida : Yer muammolariga insoniyatning eʼtiborini qaratish maqsadida 1970-yildan boshlab har yili 22-aprel kuni jahondagi barcha mamlakatlarda Xalqaro Yer kuni sifatida nishonlanadi. Bosh Assambleyaning 63-sessiyasining raisi Migel d'Escoto Brokman ushbu Xalqaro kunning qarorida Yer va uning ekotizimlari bizning uyimiz ekanini tan olish, insoniyatni hayot bilan ta'minlashni e'tirof etishni BMTning Atrof-muhit bo'yicha konferentsiyasida qabul qilingan majburiyatlarni tasdiqlashini 1992 yilda Rio-de-Janeyroda e'lon qildi. Shuning uchun hozirgi va kelajak avlodlarning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik ehtiyojlari o'rtasida adolatli muvozanatga erishish uchun tabiat va Yer sayyorasi bilan uyg'unlikni ta'minlash kerak.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling