Valyuta kurslari 04/03/2025
$1 – 12897.20
UZS – 0,06%
€1 – 13449.20
UZS – 0,36%
₽1 – 144.65
UZS – -1,24%
Qidirish
Moliya 28/02/2025 Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining Moliya sektorini baholash dasturi (FSAP) missiyasi o‘z ishini boshladi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining Moliya sektorini baholash dasturi (FSAP) missiyasi o‘z ishini boshladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) va Jahon bankining Moliya sektorini baholash dasturi (FSAP) doirasida ikkinchi missiyasi boshlandi. U 26 fevraldan 12 martgacha davom etadi.

XVJ va Jahon bankining tajribali ekspertlaridan iborat jamoa to‘lov tizimlari, sug‘urta sektori, kapital bozori, korporativ sektor va makroprudensial siyosatni tahlil qiladi. Baholash missiyasi doirasida stress-testlar, tizimli xavflarni tahlil qilish, shuningdek, banklar va nobank muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqliklar o‘rganiladi.

Ekspertlar bilan ishchi uchrashuvlarda Markaziy bankdan tashqari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari va boshqa tegishli idoralar vakillari ham ishtirok etadi.

Maʼlumot uchun: Moliya sektorini baholash dasturi 1999 yildan beri XVJ va Jahon banki hamkorligida amalga oshirilib, mamlakat moliya sektori barqarorligini chuqur va kompleks tahlil qilishni maqsad qilib olgan. XVJ asosan barqarorlik masalalariga ixtisoslashgan bo‘lsa, Jahon banki moliya tizimining rivojlanish ehtiyojlariga eʼtibor qaratadi. Dastur natijalariga ko‘ra, moliya sektoridagi islohotlarni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar hamda salohiyatni oshirishga qaratilgan ko‘mak taqdim etiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling