Xalqaro astronavtika kongressi 2028 – yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi mumkin
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jahon kosmik maydonidagi eng yirik xalqaro anjumanlardan biri bo‘lgan International Astronautical Congress (IAC) har yili butun dunyodan 10 mingga yaqin kosmos sanoati yetakchilari, sohada ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan yetakchi kompaniya va agentliklar vakillarini bir muloqot platformasi atrofida jamlaydi.
2023-yilda bu nufuzli tadbirga Ozarbayjon Respublikasi mezbonlik qilgan bo‘lsa, 2024 –yilda kongress Italiyaning Milan shahrida o‘tkazildi. Joriy yilning 29-sentabr 3-oktabr kunlari esa uni Avstraliya qabul qilib oladi.
Mazkur yirik miqyosdagi global ilmiy-texnologik xalqaro konferensiyaning ahamiyatli jihati shundaki, u orqali mezbonlik qilayotgan mamlakatga bir vaqtning o‘zida istiqbolli investorlar ham kirib keladi. Ayni shu maqsadda Uzcosmos vakillari IAC-2028’ni Samarqandda o‘tkazish taklifi bilan O‘zbekiston nomzodini ilgari surishdi.
Bu orqali xorijiy kompaniya va agentliklarni mamlakatda ilmiy markazlar, inkubatorlar, texnoparklar qurishga jalb etish, qo‘shma tadqiqotlarda ishtirok etishga qiziqtirish, yangi startaplarni namoyish etish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: so‘nggi yillarda Xalqaro astronavtika kongressi (IAC) Milan (2024), Boku (2023), Parij (2022), Dubay (2021), Vashington (2019), Bremen (2018) va Adelaida (2017) kabi shaharlarda o‘tkazildi va mazkur mamlakatlar uchunsezilarli natijalarni berdi. Jumladan, Birlashgan Arab Amirliklarida IAC-2021 milliy kosmik dasturni faollashtirishda asosiy omil bo‘ldi, xususan “Hope” missiyasining Marsga uchirilishi va Milliy kosmik fan markazining tashkil etilishiga turtki bo‘ldi.
Parijdagi IAC-2022 tarixdagi eng yirik kongress bo‘lib, Fransiyaning global kosmik sohada yetakchi davlat sifatidagi pozitsiyasini mustahkamladi hamda xususiy sektorning faol ishtirokiga xizmat qildi. IAC-2017dan so‘ng Avstraliya kosmik agentligi tashkil etildi. Germaniya va AQSHda esa kongressning o‘tkazilishi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va startaplarni global kosmik iqtisodiyotga keng jalb qilishga yordam berdi.
Xalqaro astronavtika kongressining mezboni bo‘lish — nafaqat ilmiy salohiyatni namoyish etish, balki investitsiyalar, texnologiyalar va xalqaro hamkorliklarni jalb qilishda strategik imkoniyatdir.
Ushbu nufuzli tadbirni O‘zbekistonda o‘tkazish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Xalqaro astronavtika federatsiyasi ijrochi direktori Kristian Fayxtinger Samarqand va Toshkent shahrida tekshiruv – kuzatuv ishlarini olib borib, kongressni qabul qilishga tayyorlik darajasi, moddiy-texnik baza, transport va mehmonxona infratuzilmasi, xavfsizlik, ijtimoiy tadbirlarni tashkil etish hududlari bilan yaqindan tanishdi, vazirlik va idoralar mas’ullari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Qayd etish lozim, Uzcosmos agentligi tomonidan olib borilayotgan ushbu tashabbus va sa’yi – harakatlarning negizida Davlatimiz rahbarining “2024—2026-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.