Wizz Air va O‘zbekiston havo harakatini rivojlantirishning yangi imkoniyatlarini muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 24-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Wizz Air Group kompaniyasining hukumat bilan aloqalar boʻyicha direktori Anastasiya Navikova bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Suhbatda Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yozef Roja ishtirok etdi.
Wizz Air 2003-yilda Budapeshtda tashkil etilgan. Aviakompaniya Markaziy va Sharqiy Yevropa aholisiga hamyonbop va qulay havo qatnovini taqdim etadi. Kompaniyaning bosh qarorgohi Budapeshtda joylashgan. Kompaniya Yevropa, shuningdek, Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoning 200 dan ortiq yo‘nalishlariga parvoz qiladi.
Uchrashuv davomida tomonlar Wizz Air bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi. Xususan, mavjud reyslar jadvalini kengaytirish, yangi yoʻnalishlar ochish, hududiy aeroportlardan foydalanish imkoniyatlari, havo qatnovi uchun zarur infratuzilma sharoitlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, texnik va institutsional qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini ishlab chiqish, kompaniyaning mamlakat bozorida ilgari surilishini jadallashtirish choralarini koʻrish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.