Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024-yil yakunlariga ko‘ra, Wildberries onlayn-marketpleys orqali o‘zbek mahsulotlari savdosi o‘tgan yilga nisbatan 61,3% ga o‘sdi, deb xabar berdi platforma matbuot xizmati.
Rossiya bozorida o‘zbek oziq-ovqat mahsulotlari savdosi ikki baravarga oshgani kuzatildi. Shuningdek, uy uchun tekstil mahsulotlari savdosi 66% ga, kiyim-kechak 61% ga, sport kiyimlari esa 51% ga o‘sgan.
Belarusda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobil tovarlari savdosi besh baravarga ko‘paydi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari, bolalar uchun tovarlar, kiyim-kechak va o‘yinchoqlarga talab ikki baravarga oshgani qayd etildi.
Qozog‘iston bozorida esa avtomobil tovarlari va kiyim-kechak savdosi yetakchi o‘rinni egalladi. Sport kiyimlari (+78%), uy uchun tekstil (+71%) va bolalar kiyimlari (+59%) savdosida katta o‘sish qayd etildi.
Qirg‘izistonda avtomobil tovarlari savdosi 15 baravarga oshdi, shuningdek, kiyim-kechak va uy uchun tekstil mahsulotlari savdosi bir necha baravarga ko‘paydi.
Wildberries ma’lumotlariga ko‘ra, tekstil O‘zbekiston eksportida yetakchi toifa bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, avtomobil tovarlari va oziq-ovqat mahsulotlari savdosining o‘sishi eksport assortimentining diversifikatsiyalanishi va xalqaro talablarga moslashuvi haqida guvohlik beradi, deb ta’kidlandi kompaniyada.