Vengriya mudofaa vaziri O‘zbekistonga tashrif buyurdi: hamkorlik bo‘yicha qo‘shma deklaratsiya imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Vengriya mudofaa vaziri Krishtof Salay-Bobrovniski rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Shuhrat Xolmuhammedov bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunida tomonlar mudofaa sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yana-da mustahkamlashga asos bo‘ladigan qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Bu haqda Vengriya Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vengriya mudofaa vazirining taʼkidlashicha, Markaziy Osiyo — xavfsizlik va iqtisodiy nuqtai nazardan Yevropa uchun strategik ahamiyatga ega hududdir. U Toshkentga tashrifning alohida ahamiyatga ega ekanini, bu esa Vengriya manfaatlariga mos ravishda Sharq va G‘arb o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.
«Tomonlar mudofaa siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlar va harbiy hamkorlikni rivojlantirish yo‘llarini muhokama qildilar. Imzolangan deklaratsiya harbiy taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik qilish imkoniyatini ochadi», — dedi Krishtof Salay-Bobrovniski.
Vazir, shuningdek, Markaziy Osiyoda barqarorlik Vengriya xavfsizligi uchun muhim omil ekanini taʼkidladi. 2023 yildan boshlab Vengriyaning O‘zbekistondagi elchixonasi NATOning aloqa nuqtasi (CPE) vazifasini bajarmoqda, bu esa Alyans bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda. O‘zbekiston esa mintaqa bo‘yicha terrorizmga qarshi kurashda muhim hamkor sifatida ishtirok etmoqda.
Tashrif doirasida tomonlar Rossiya-Ukraina mojarosini tez fursatda tugatish zarurligi borasida umumiy fikr bildirdilar hamda AQSHning tinchlik o‘rnatish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ahamiyatini taʼkidladilar.
Delegatsiya dasturidan Buyuk Vatan urushi davrida Vengriya harbiy asirlari xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik, O‘zbekiston Qurolli Kuchlar akademiyasi, Innovatsion texnologiyalar markazi va Chimg‘ondagi harbiy poligonni ziyorat qilish o‘rin oldi. Vengriya mudofaa vaziri O‘zbekistonning mudofaa texnologiyalari va harbiy kadrlar tayyorlash sohasidagi yutuqlari bilan tanishdi.