Valyuta kurslari 19/08/2025
$1 – 12497.19
UZS – -0,4%
€1 – 14597.97
UZS – -0,46%
₽1 – 155.71
UZS – -0,83%
Qidirish
Texnologiyalar 19/08/2025 Uzcosmos BMT bilan hamkorlikda qurg‘oqchilikni monitoring qilish tizimini yaratmoqda

Uzcosmos BMT bilan hamkorlikda qurg‘oqchilikni monitoring qilish tizimini yaratmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Global iqlim o‘zgarishi, xususan, havo haroratining keskin ko‘tarilishi fonida dunyoda yirik ekologik muammolar yuzaga kelmoqda. Ba’zi hududlarda suv sathining ko‘tarilishi, toshqinlar, qurg‘oqchilik kabi ofatlar kuzatilyapti. Bu esa ekovaziyatning izdan chiqayotganiga bir signaldir. Dunyoga xavf solayotgan muammolar Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston uchun ham chetlab o‘tmasligi aniq.  

Ma’lumki, Markaziy Osiyo – iqlim o‘zgarishi oqibatlariga e’tibor qaratish lozim bo‘lgan eng muhim mintaqalardan biri hisoblanadi. Sababi anomal issiq ob-havo ko‘l va boshqa havzalardagi suvning bug‘lanishi, daryo oqimining pasayishi va muzlik suvlari zaxiralarining qisqarishiga olib kelmoqda. Suv tanqisligi qishloq xo‘jaligi, energetika va ekologik muammolarni kuchaytirib, ijtimoiy va siyosiy holatning keskinlashishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, qurg‘oqchilik hosildorlikning pasayishi, chorva mollarining qirilishi va aholi yashash sharoiti yomonlashishiga olib kelib iqtisodiyotga ham sezilarli zarar yetkazishi mumkin.

Albatta bu borada xalqaro hamkorlik muhim sanaladi. Ayni shu maqsadda Uzcosmos agentligi BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (UNESCAP) bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo uchun yerni masofadan zondlash texnologiyalariga asoslangan qurg‘oqchilikni monitoring qilish tizimini yaratish loyihasini ishlab chiqmoqda. Uning doirasida mintaqa davlatlariga qurg‘oqchilikni boshqarish tizimini takomillashtirish, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari hamda texnik resurslardan o‘z vaqtida foydalanishni bo‘yicha ko‘mak beriladi. Xususan, har bir mamlakatning o‘ziga xos sharoitini inobatga olgan holda qurg‘oqchilikni tezkor kuzatish tizimi va ekinlarni bulutli monitoring qilish platformasini yaratish reja qilingan.

Joriy yilning 18-avgust kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi binosida o‘tgan xalqaro seminarda ishtirokchilar mazkur loyihani O‘zbekiston hududida amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashib, mavjud imkoniyatlarni muhokama etishdi. Ta’kidlanganidek, qurg‘oqchilik Markaziy Osiyo va boshqa quruq iqlimli mintaqalarda eng xavfli tabiiy ofatlardan biridir. Bu jarayon faqat iqlim omillari bilan emas, balki inson faoliyati, xususan, suv resurslarining noto‘g‘ri boshqarilishi bilan ham bog‘liq. So‘nggi yillarda kosmik texnologiyalar qurg‘oqchilik monitoringi, baholash va oldini olishda muhim vositaga aylandi. Sun’iy yo‘ldoshlar orqali olingan ma’lumotlar qishloq xo‘jaligi, ekologiya va suv xo‘jaligi sohalarida qarorlar qabul qilish jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ayni shu maqsadda 2025-yilning may oyida qurg‘oqchilikni monitoring qilish milliy tizimi ishlab chiqishga start berildi va Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hududlari kesimida amalga oshirilishi belgilandi.

Ahamiyatli jihati shundaki qurg‘oqchilikka qarshi kurashishda kosmik monitoring asosiy instrumentlardan biri hisoblanadi. Jumladan, masofadan zondlash orqali sun’iy yo‘ldosh tasvirlari yordamida tuproq namligi, o‘simlik qoplamasi, suv havzalari maydonidagi o‘zgarishlarni aniqlash mumkin. MODIS, Sentinel, Landsat kabi yo‘ldoshlar yuqori aniqlikdagi tasvirlarni olishda qo‘l keladi. Qolaversa, NDVI (Normalized Difference Vegetation Index) kabi indekslar yordamida esa o‘simliklarning sog‘lomligi va hosildorligini prognoz qilish mumkin bo‘ladi.

Agarda bu qurg‘oqchilik masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmasa bu zanjirga aylangan holda juda ko‘p muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu ofat sabab mamlakat suv tanqisligi, tuproq degradatsiyasi oxir-oqibat esa hosil va oziq-ovqat yetishmovchiligi bilan yuzlashadi. Uzcosmos agentligi va BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (UNESCAP) hamkorligida ishlab chiqilayotgan Markaziy Osiyo uchun yerni masofadan zondlash texnologiyalariga asoslangan qurg‘oqchilikni monitoring qilish tizimi bu borada unikal loyiahalardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling