Valyuta kurslari 30/01/2025
$1 – 12968.34
UZS – -0,05%
€1 – 13492.26
UZS – -0,36%
₽1 – 132.32
UZS – -0,56%
Qidirish
Iqtisod 28/01/2025 Uzbekistan Airways Yevropaga reyslar yo‘nalishini o‘zgartirdi va Rossiya hududi ustidagi parvozlarni to‘xtatdi

Uzbekistan Airways Yevropaga reyslar yo‘nalishini o‘zgartirdi va Rossiya hududi ustidagi parvozlarni to‘xtatdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 20-yanvardan boshlab Yevropaga amalga oshiriladigan reyslarning yo‘nalishlarini o‘zgartirdi va Rossiya hududi ustidan parvozlarni to‘xtatdi. Bu haqda aviakompaniya boshqaruvi raisi Shuxrat Xo‘jaqulov ma’lum qildi.

Qaror Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) hisoboti asosida qabul qilindi. Hisobotda Rossiyaning Yevropa qismi ustidagi parvozlar xavfli deb belgilangan. Yangi yo‘nalishlar janub tomon — Ozarbayjon va Turkiya orqali o‘tadi.

Xo‘jaqulovning aytishicha, yo‘nalishlarning o‘zgarishi reyslarning davomiyligini 30–40 daqiqaga uzaytiradi va aviakompaniya xarajatlarini oshiradi. Biroq, mazkur holat favqulodda bo‘lgani sababli, yo‘lovchilar uchun tariflar oshirilmadi.

Uzbekistan Airways havo hududining xavfsizligini doimiy nazorat qilib boradi. Aviakompaniya rahbarining ta’kidlashicha, parvozlarni boshqarish markazi ma’lumotlarni real vaqt rejimida tahlil qiladi. Agar yo‘nalish xavfli deb topilsa, uni o‘zgartirish bo‘yicha tezkor qaror qabul qilinadi.

Avvalroq, Qozog‘istonda Azerbaijan Airlines samolyoti halokati ortidan vaziyatni tahlil qilish maqsadida O‘zbekistonda bosh vazir rahbarligida maxsus komissiya tuzilgan edi. Komissiya tarkibiga Mudofaa vazirligi, Transport vazirligi, O‘zavaiatsiya va boshqa tashkilotlar vakillari kiritilgan.

Shuxrat Xo‘jaqulov ta’kidlashicha, kompaniyaning barcha reyslari xavfsizlikning maksimal choralariga amal qilgan holda bajarilmoqda. Hozirda Ukraina, Rossiyaning Yevropa qismi va Osiyoning ayrim tog‘li hududlari ob-havo sharoiti tufayli xavfli hududlar deb hisoblanadi.

Shuningdek, barcha yo‘nalishlar uchun xavfsizlikni ta’minlash maqsadida alternativ yoki zaxira yo‘llari ishlab chiqilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling