Uzbekistan Airports 100 million dollarlik yevroobligatsiyalar chiqarishni rejalashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Uzbekistan Airports o‘zining ilk yevroobligatsiyalarini chiqarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Davlat kompaniyasi raisi Javlonbek Umarxodjayev 20 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida maʼlum qilishicha, Prezident Uzbekistan Airports‘ga 2025 yil oxiriga qadar 100 million dollarlik yevroobligatsiyalar joylashtirishni topshirgan.
Bu vazifani amalga oshirish maqsadida o‘tgan hafta kompaniyaning transformatsiya bo‘yicha rahbar o‘rinbosari Yevropada muzokaralar o‘tkazgan. Mart oyida Uzbekistan Airports xalqaro reyting agentligi bilan shartnoma imzoladi va birinchi kredit reytingi may oyi o‘rtalarda eʼlon qilinishi kutilmoqda. Keyinchalik ikkinchi reyting agentligi ham bu bahoni tasdiqlashi kerak. Kompaniyaning optimistik prognozlariga ko‘ra, yevroobligatsiyalar noyabr oyiga qadar joylashtirilishi mumkin.
Tushgan mablag‘lar aeroportlarni rekonstruksiya qilishga yo‘naltiriladi. Jumladan, Toshkent xalqaro aeroportida yangi yuk terminali qurilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq, 16 yanvar kuni, Prezident Shavkat Mirziyoyev transport sohasini rivojlantirish uchun 400 million dollar jalb qilishni topshirgan edi. Shu jumladan, 100 million dollar Uzbekistan Airways uchun ajratilgan. Milliy aviakompaniya yaqin oylarda Deutsche Bank bilan moliyalashtirish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolashni rejalashtirmoqda.