Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024 yil 22 noyabr kuni UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun kontraktatsiya jarayonida 55 494 shartnoma tuzganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, savdo.uzavtosanoat.uz platformasida Chevrolet Cobalt GX-STYLE AT PLUS va Chevrolet Cobalt GX-MIDNIGHT AT modellari uchun kontraktatsiya o‘tkazildi.
Ishlab chiqaruvchining ma’lumotiga ko‘ra, umumiy hisobda 55 494 shartnoma tuzilgan bo‘lib, ularning 55 322 tasi One ID tizimi orqali avtorizatsiyadan o‘tgan jismoniy shaxslar tomonidan, 172 tasi esa yuridik shaxslar tomonidan tuzilgan.
Kontraktatsiya natijasida 27 201 ta Chevrolet Cobalt GX-STYLE AT PLUS va 28 293 ta Chevrolet Cobalt GX-MIDNIGHT AT avtomobillari sotilgan.
UzAuto Motors kompaniyasi onlayn savdolar davomida UzAutoSavdo tizimi orqali 22,8 mingta kiberhujum qayd etilganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, platforma faoliyatida hech qanday uzilish kuzatilmagan. Tizimda 520 mingdan ortiq faol sessiya va har soniyada 3 mingdan ortiq ulanishlar qayd etilgan. Ma’lumotlar uzatish tezligi 6000 Mbit/s dan ortiq bo‘lgan.
Bundan tashqari, kontraktatsiya davomida Call-markazga 1 872 ta mijoz murojaati kelib tushgan va ular ishlab chiqilgan.
Avvalroq UzAuto Motors Chevrolet Cobalt Midnight modeli ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, 2024 yilning 10 oylik natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda eng mashhur model Chevrolet Cobalt bo‘ldi. Ushbu davr mobaynida UzAuto Motors mazkur modelning 112,44 mingdan ortiq mashinasini sotgan.