UNFPA va “UZINFOCOM” sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya sohalarida raqamli transformatsiya uchun kuchlarni birlashtirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) va “UZINFOCOM” — davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator — O‘zbekistonda reproduktiv salomatlik xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, gender tengligini rag‘batlantirish va yoshlar huquqlarini himoya qilish maqsadida raqamli innovatsiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan anglashuv memorandumini imzoladi.
Memorandumning maqsadi — tomonlarning umumiy manfaatga ega sohalarda hamkorligi uchun poydevor yaratish, aholi salomatligi va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, maʼlumotlarning aniqligini taʼminlash, rejalashtirish samaradorligini oshirish hamda aholi uchun sifatli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdir.
Hamkorlik sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya sohalarida raqamli texnologiyalarni joriy etish va AKT yechimlarini ishlab chiqish orqali aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan qo‘shma harakatlarni qamrab oladi. Jumladan:
demografik ko‘rsatkichlar va aholi salomatligini monitoring qilish uchun raqamli platformalar va tizimlarni ishlab chiqish hamda joriy etish;
raqamli texnologiyalardan foydalangan holda sog‘liqni saqlash va inson huquqlari bo‘yicha maʼlumotlarga kirish imkoniyatlarini kengaytirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirish;
sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar tizimlari samaradorligini oshirish uchun zamonaviy AKT yechimlarini joriy etish.
Hamkorlik quyidagi asosiy yo‘nalishlarni qamrab oladi:
Bilim va tajriba almashish
Tomonlar raqamli texnologiyalar sohasidagi tajriba va ilg‘or usullarni sog‘liqni saqlash hamda ijtimoiy himoya sohalarida tatbiq etish maqsadida qo‘shma seminarlar, konferensiyalar va ishchi uchrashuvlar o‘tkazadi.
Loyihalarni birgalikda ishlab chiqish
Raqamli platformalar orqali sifatli tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish va amalga oshirish rejalashtirilgan.
Tahlil va tadqiqot faoliyati
Tomonlar demografik monitoring va aholi salomatligi holatini baholashni takomillashtirishga qaratilgan tahlil va tadqiqotlar sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
“Raqamli texnologiyalar axborot va xizmatlardan adolatli foydalanishni taʼminlashda muhim rol o‘ynaydi. “UZINFOCOM” bilan hamkorlik bizga, ayniqsa, ayollar, yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun hayot sifatiga ijobiy taʼsir ko‘rsatadigan innovatsiyalardan foydalanish imkonini beradi”, — dedi UNFPAning O‘zbekistondagi doimiy vakili Nigina Abaszoda.
Ushbu hamkorlik “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari – ayollar va yoshlar salomatligini muhofaza qilish, mintaqalararo tengsizliklarni kamaytirish, raqamli yechimlarni joriy etish, huquqlarni himoya qilish va ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarning imkoniyatlarini kengaytirishga to‘liq mos keladi.
Hamkorlik O‘zbekistonda barqaror, zamonaviy va inklyuziv sog‘liqni saqlash tizimini shakllantirish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
UNFPA O‘zbekistondagi vakolatxonasini 1993 yilda ochgan. UNFPA va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasidagi hamkorlik BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va Hukumat o‘rtasidagi Asosiy yordam to‘g‘risidagi standart bitim (SPAA) asosida amalga oshiriladi. Ushbu bitim agentliklar tomonidan rivojlantirish loyihalarini amalga oshirishda hukumatni qo‘llab-quvvatlash shartlarini belgilaydi.
UNFPA hozirda O‘zbekistonda 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan beshinchi mamlakat dasturini amalga oshirmoqda. Strategik rejaga muvofiq, UNFPA quyidagi yo‘nalishlarga eʼtibor qaratishda davom etmoqda:
Reproduktiv salomatlik va huquqlarni mustahkamlash
Ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratish
Aholi dinamikasi va barqaror rivojlanish o‘rtasidagi bog‘liqlik
O‘smirlar va yoshlar bilan ishlash
“UZINFOCOM” — O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yetakchi kompaniya hisoblanadi. Kompaniya 20 yildan ziyod vaqt mobaynida davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish sohalarida o‘nlab yirik loyihalarni amalga oshirgan. Elektron hukumat va biometrik identifikatsiyadan tortib sog‘liqni saqlash, taʼlim, sport, shuningdek .UZ milliy domen zonasi va zamonaviy maʼlumotlar markazlari faoliyatini taʼminlashgacha bo‘lgan sohalarda raqamli transformatsiyani jadallashtirishda faol ishtirok etgan.