Valyuta kurslari 03/07/2025
$1 – 12591.71
UZS – -0,67%
€1 – 14821.70
UZS – -1,03%
₽1 – 160.18
UZS – -0,85%
Qidirish
Turizm 03/07/2025 “UN Tourism” O‘zbekistonda barqaror turizm rivojini qo‘llab-quvvatlaydi

“UN Tourism” O‘zbekistonda barqaror turizm rivojini qo‘llab-quvvatlaydi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Butunjahon turizm tashkiloti (“UN Tourism”) bosh kotibi Zurab Pololikashvili Toshkent shahrida joylashgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti — “Green University”ga tashrif buyurdi. Unga Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shаdiyev hamrohlik qildi.

Tashrif davomida bosh kotib universitet faoliyati, uning o‘quv va ilmiy infratuzilmasi — zamonaviy laboratoriyalar, maxsus auditoriyalar, interaktiv ta’lim platformalari, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga moslashish, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va biologik xilma-xillikni saqlashga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot loyihalari bilan tanishdi. 

Zurab Pololikashvili “Green University” tashkil etilishi tashabbusini yuqori baholadi va bu kabi ta’lim formati barqaror rivojlanish hamda atrof-muhit muhofazasini ilgari surishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. 

“Biz mutlaqo yangi va ijodiy muhitga ega universitetda bo‘ldik va juda hayratlandik. Ushbu universitet ekologiyani, ekologlarni va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu ta’lim tizimida juda muhim va yangi yo‘nalishdir. Men vazirni tabriklayman va Prezidentga barqaror rivojlanish hamda barqaror turizmni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirgani uchun minnatdorlik bildiraman, — dedi u. — Bu O‘zbekistonning nafaqat mintaqada, balki jahon miqyosida yetakchi o‘rinni egallayotganini ko‘rsatadi. Bunday universitetlar dunyo miqyosida noyob hisoblanadi va O‘zbekiston bu jarayonda yetakchiga aylanmoqda, bu juda quvonarli hol”. 

Tashrifning asosiy natijasi “UN Tourism” va “Green University” o‘rtasida barqaror turizm, ekologiya va ta’lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Anglashuv memorandumining imzolanishi bo‘ldi. Hujjatni bosh kotib Zurab Pololikashvili hamda vazir Aziz Abduhakimov imzoladi. 

Memorandumga muvofiq tomonlar quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib oldilar: 

— O‘zbekistonda barqaror turizm salohiyatini kuchaytirish, kadrlar tayyorlash va ilg‘or tajribalarni targ‘ib qilish; 

— Barqaror turizmning jamiyat va atrof-muhit uchun ijobiy o‘zgarishlar omili sifatidagi ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish;

— Turizmni Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish vositasi sifatida targ‘ib qilish; 

— Atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslarni boshqarish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash sohalarida innovatsiyalarni joriy etish; 

— Ilmiy tadqiqotlar va akademik almashuvni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, talabalar va o‘qituvchilar mobilligini kengaytirish; 

— Qo‘shma ta’lim va ma’rifiy tashabbuslarni ishlab chiqish. 

Memorandum doirasida “UN Tourism” va “Green University” o‘rtasida muntazam muloqot o‘rnatilishi, qo‘shma loyihalar muvofiqlashtirilishi, o‘quv dasturlari tashkil etilishi va ilg‘or tajribalar almashinuvi rejalashtirilgan.

“UN Tourism” — BMTning ixtisoslashgan agentligi bo‘lib, u 166 ta davlat va hududlar hamda xususiy sektor, ilmiy muassasalar va turizm uyushmalarini o‘z ichiga olgan 500 dan ortiq a’zolardan tashkil topgan. 

Ushbu memorandumning imzolanishi O‘zbekistonning ekologik va turistik strategiyalarini global barqaror rivojlanish kun tartibiga integratsiyalash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, mamlakatning “yashil iqtisodiyot” tamoyillari va xalqaro hamkorlikka sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling