Ummon Sultonligi Mehnat vazirligi boshchiligidagi delegatsiya IT Park Uzbekistan'ga tashrif buyurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Tashrif doirasida dastlab delegatsiyaga Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistanda amalga oshirilayotgan islohotlar, asosiy yo‘nalishlar hamda kelgusidagi rejalar haqida taqdimot qilindi.
Shuningdek, IT mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan Ustudy IT akademiyasi faoliyati, muhim infratuzilmalarning kiberxavfsizligini ta’minlashga qaratilgan innovatsion loyihalar markazi — UZSOC hamda Yagona integrator UZINFOCOMda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirildi.
Shundan so‘ng Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorning birinchi o‘rinbosari Amirtemirxon Musayev hamda Ummon Sultonligi Mehnat vaziri Mahad Baavayn o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida raqamli texnologiyalar, mehnat bozorida raqamlashtirish, kadrlar tayyorlash sun’iy intellekt, IT autsorsing va elektron hukumat tizimlarini joriy etish sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida vazir O‘zbekistonda so‘nggi yillarda raqamli transformatsiya jarayonlari jadal sur’atlarda amalga oshirilayotgani, jumladan, elektron davlat xizmatlarini aholi va biznes uchun yanada oson va shaffof qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berdi.
Mahad Baavayn esa Ummondagi raqamlashtirish tashabbuslari, mehnat sohasidagi islohotlar va raqamli yechimlardan foydalanish amaliyoti bilan o‘rtoqlashdi.
Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.