Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon tashqi ishlar, savdo va transport vazirlarining navbatdagi uch tomonlama yig‘ilishi va uning diorasidagi biznes-forumda "O‘zcharmsanoat" uyushmasi vakillari turk kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Muhokamalar natijasida bir qator muhim kelishuvlarga erishildi.
"SARRE" kompaniyasi bilan mebelsozlik uchun sun’iy charm ishlab chiqarish loyihasi muhokama qilindi. Loyihaning tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi va uning amalga oshirilishi O‘zbekiston mebelsozlik sanoatiga katta hissa qo‘shishi ta’kidlandi.
"Elfa Mimarlik" kompaniyasi O‘zbekistonda yangi yo‘nalishda faoliyat boshlash niyatida. Kompaniya vakiliga mamlakatimizdagi charm sanoatidagi islohotlar va investorlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
"Amaraq" kompaniyasi esa O‘zbekiston korxonalari bilan hamkorlikda Yevropa uchun maxsus poyabzallar va tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Kompaniya kelgusi oyda O‘zbekistonga tashrif buyurib, mahalliy tadbirkorlar bilan muzokaralar o‘tkazadi.
Ushbu uchrashuvlar va erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga va charm sanoatida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.