Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 6 dekabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov Turkiyaning yetakchi kompaniyalari – Güral Porselen va Porland Porselen vakillari bilan uchrashdi.
Güral Porselen – 1989-yilda tashkil etilgan kompaniya Turkiyadagi chinni idishlar ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lib, an’anaviy hunarmandchilik bilimlarini zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari bilan uyg‘unlashtiradi.
Porland Porselen – 1976-yilda tashkil etilgan kompaniya har yili 70 million donadan ortiq mahsulot ishlab chiqaradi va Turkiyadagi yetakchi chinni idish-tovoq ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lib, o‘z mahsulotlarini 40 dan ortiq mamlakatlarga eksport qiladi.
Uchrashuvda chinni buyumlar ishlab chiqarish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, ilg‘or texnologiyalar almashinuvi, ichki va xalqaro bozorlarga mahsulot turlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Turkiya kompaniyalari delegatsiyasi xomashyo konlari bilan tanishdi va O‘zbekistondagi mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, bu esa qo‘shma loyihalar yaratish imkoniyatlarini atroflicha o‘rganish imkonini berdi.
Muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlar chinni buyumlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahalliy mahsulotlarning jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda ishonchli asos bo‘lib xizmat qiladi.