Valyuta kurslari 23/12/2024
$1 – 12893.07
UZS – 0,14%
€1 – 13386.87
UZS – -0,15%
₽1 – 125.96
UZS – 0,97%
Qidirish
Iqtisod 05/12/2024 Turkiyaning “Studio Verebra” kompaniyasi vakillari bilan master-rejalarni ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi

Turkiyaning “Studio Verebra” kompaniyasi vakillari bilan master-rejalarni ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 4-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov hamda Turkiyaning “Studio Verebra” kompaniyasi Bosh direktori Mexmet Bektash o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Hududlar master-rejalarini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish boʻlimi boshlig‘i Shahobiddin Sharipov, Qo‘ng‘irot tumani hokimi Bekzod Madaminov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.

Studio Vertebra — 2009-yilda Istanbulda tashkil etilgan yetakchi arxitektura va dizayn kompaniyasi bo‘lib, urbanistik loyihalardan tortib, ichki makon dizaynigacha keng miqyosda xizmat ko‘rsatadi. Kompaniya ekologik barqarorlik va madaniy jihatlarni hisobga olgan holda zamonaviy, barqaror va mintaqaning ehtiyojlariga mos yechimlarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan.

Ularning taniqli loyihalari qatoriga Gaziantep shahridagi Naci Topçuog‘lu fan markazi va texnologiya parki hamda Tokatda joylashgan Sulusaray termal inshootlari kiradi. Bundan tashqari, kompaniya O‘zbekistonning Buxoro shahridagi urbanistik rivojlanish loyihasida ham ishtirok etgan. Studio Vertebra global miqyosda Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika va Markaziy Osiyo bo‘ylab loyihalar amalga oshirib kelmoqda.

Muhokamalar davomida tomonlar O`zbekistonda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, xususan, tuman va shaharlarning geografik joylashuvi, tabiiy-iqlimiy sharoiti, iqtisodiy salohiyati va urbanizatsiya imkoniyatlarini inobatga olgan holda uzoq muddatli rivojlanish modelini ishlab chiqish hamda zamonaviy arxitektura talablari asosida master-rejalarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, muloqot davomida maktablar, shifoxonalar, madaniyat markazlari va boshqa ijtimoiy obyektlarni zamonaviy talablarga mos ravishda tashkil etish, ekologik xavfsiz loyihalar, yashil hududlarni shakllantirish hamda ushbu jarayonlarda shaharsozlik, ekologik barqarorlik va zamonaviy infratuzilma yaratish borasidagi ilg‘or xalqaro tajribalardan keng foydalanish yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga kelishib oldilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling