Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Vazirlar Mahkamasi huziridagi Migratsiya agentligi rahbariyati Turkiyaning yirik qurilish kompaniyasi asoschisi Hayri Tokman bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Xolding asoschisining ta’kidlashicha, bugungi kunda "Ant Yapi" kompaniyasida 20 000 ga yaqin yurtdoshimiz faoliyat olib boradi. Migratsiya agentligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yana 2000 nafar qurilish mutaxassisiga talab borligini ma’lum qildi.
Shuningdek, bepul aviachipta, yotoq joy, yashash manziliga ro‘yxatga qo‘yish, 3 mahal issiq ovqat va yaxshi maosh kafolatlanishini bildirdi.
Agentlik mutasaddilari ushbu taklifni ma’qulladi va xorijda ishlash istagidagi yurtdoshlarimizni ish beruvchi talabi asosida tayyorlashga kelishib oldi.